Bangladesh to‘qimachilik sanoati dunyoning yetakchi mahsulot yetkazib beruvchi «konveyer»lardan biri hisoblanadi. U davlat iqtisodiyotiga yiliga 35 mrld.dollar foyda olib keladi. Aholini ish bilan ta’minlash va asosiy yashash manbasi sifatida muhim ahamiyatga ega.
Bangladesh o‘zining paxta resurslariga ega emas. Yillar davomida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan paxta tolasining yirik iste’molchilaridan biri hisoblangan. Bu davlat to‘qimachilik sanoati tajribasi Davlatimiz rahbari ishtirokidagi yig‘ilishlarda ham bir necha marta misol tariqasida keltirildi va bu tajribani o‘rganish va mahalliy to‘qimachilik korxonalariga malakali Bangladeshlik xodimlarni jalb qilish bo‘yicha bir qator vazifalar berilgandi.
Joriy yilning 15 iyul kuni bo‘lib o‘tgan videokonferensaloqa doirasida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi rahbariyati tomonidan Bangladesh Respublikasi eksportchilar uyushmasining birinchi vitse prezidenti va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi bir qancha kompaniya vakillariga O‘zbekiston Respublikasi to‘qimachilik hamda paxta-to‘qimachilik klaster tizimida amalga oshirilayotgan jadal o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Muzokaralar jarayonida Bangladesh Respublikasi vakillari O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida mavjud ishlash mexanizmi, oylik maosh tizimi, xorijiy mutaxassislar uchun davlat tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar, jahon bozoriga chiqishda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga bojxona va boshqa to‘lovlar, To‘qimachilik mahsulotlarini import qilishda logistikada vujudga kelayotgan muammolar haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi va ular tomonidan investitsion muhitni yaxshilashda ahamiyat berilishi lozim bo‘lgan jarayonlar ko‘rsatildi.
Moxammad Xatem (Bangladesh trikotaj ishlab chiqaruvchilari va eksportchilari uyushmasi (BKMEA) 1-vitse-prezidenti / Bangladesh eksportchilari uyushmasi (YEAB) vitse-prezidenti, MB Knit Fashions) O‘zbekiston Respublikasining to‘qimachilik sohasiga katta qiziqish bildirib, kelgusida hamkorlik qilish maqsadi borligini bildirdi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha takliflar shakllantirib yuborilishiga va qayta VKA orqali muhokama qilinishiga kelishib olindi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




