O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hududlarga qilgan tashrifi chog‘ida ilm va fanning ishlab chiqarishga joriy qilish, uzviy chambarchasligini ta’minlash, va shu orqali sanoatda yangiliklar yaratishga katta urg‘u bermoqda.
Joriy yilning 3 iyul kuni Fanlar Akademiyasining Genomika va bioinformatika Markazi, O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy tekshirish instituti va respublikaning boshqa ilmiy markazlari olimlari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari vakillari, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi xodimlari uchun “O‘zbekiston sharoitida zararli hasharotlarga chidamli g‘o‘za navlarini yetishtirish va undan olinadigan paxta tolasini qayta ishlashda uchraydigan muammolar” mavzusidagi onlayn ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Ilmiy anjumanda Fanlar akademiyasi olimlari va O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot instituti vakillari tomonidan bir qator taqdimotlar o‘tkazildi, jumladan,
- «Zararkunanda hasharotlarga chidamli biotexnologik g‘o‘za navlarini olish»;
- «O‘rta tolali g‘o‘za navlari tolalaridan paxta to‘qimachilik klasterlari sharoitida eksportbop to‘qimalar yaratish»
bo‘yicha taqdimotlarda turli hasharotlarga chidamli, serhosil, ertapishar g‘o‘za navlarining qishloq xo‘jaligida yetishtirish dolzarbligi, to‘quvchilik sohasida «Shifon», «Batist» to‘qimachilik gazlamalari to‘qish hajmini ko‘paytirish maqsadida o‘rta tolali paxta tolasidan yuqori nomerli №85-100 bo‘lgan ip-kalava ishlab chiqarishni ta’minlash uchun ilmiy izlanishlar olib borilayotganini qayd etildi.
Seminarda bo‘lib o‘tgan muhokamalarda bugungi kunda ilmiy markaz va institutlarda bajarilayotgan izlanishlar ishlab chiqarish korxonalari amaliyotida deyarli qo‘llanilmayotgani va buning natijasida korxonalarda ilmiy izlanishlarga qiziqish pasayib borayotgani ta’kidlab o‘tildi.
Sohada olib borilayotgan ilmiy izlanishlar ishlab chiqarishda qo‘llanilishini ta’minlash uchun taklif etilayotgan ilmiy yechim – ishlab chiqarishdagi texnologik zanjirning ma’lum bir qismini emas balki to‘liq xomashyodan tortib yuqori qo‘shilgan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonni qamrab olishi maqsadga muvofiqligi bildirildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




