«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi Yangi dizaynerlik ishlanmalarini joriy etish bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 maydagi «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5989-sonli Farmoni 4-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, xalqaro moda trendlarini o‘rganish, dunyo modalar tendentsiyasidagi o‘zgarishlar va yangicha yo‘nalishlarni kuzatish va milliy korxonalarimiz mahsulotlarini ular darajasiga olib chiqish maqsadida bir qator xalqaro moda haftaliklari tashkilotchilari bilan kelishuvlar olib borilmoqda.
Qozog‘iston Respublikasining«ASIL-DIZAYN» ilmiy ishlab chiqarish moda va assortiment markazi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
25 -28 iyun kunlari Qozog‘istonning Taraz shahrida “ASPARA FASHION WEEK” modalar namoyishi yangicha onlayn formatda bo‘lib o‘tadi. Bu onlayn modalar namoyishida Markaziy Osiyo davlatlari, Singapur, Malayziya, Vetnam, Tailand, Xitoy, Hindiston, Morokko, AQSh, Frantsiya, Shveytsariya, Italiya, Serbiya kabi dunyoning 32 mamlakatidan 60 dan ortiq dizaynerlar o‘z kollektsiyalari bilan ishtirok etishadi. Ushbu yangicha formatda bo‘lib o‘tadigan modalar namoyishida 20 dan ortiq xalqaro moda haftaliklari prezidentlari, nufuzli moda jurnallari redaktorlari, feyshn ekspertlar va blogerlar ishtirok etadi.
O‘zbekistondan, ushbu onlayn modalar namoyishida “TASHTIB-TEX” MCHJ korxonasining dizaynerlari va jahon moda industriyasida o‘z nomiga ega bo‘lgan, Qozog‘istonning “ASPARA” brendi dizaynerlarining birgalikdagi qo‘shma kollektsiyasi (ayollar liboslari), hamda «Modnaya Buxara» brendining asoschisi dizayner Irina Sharipovaning milliy liboslar kollektsiyalari ishtirok etadi. Moda namoyishlari “ASPARA FASHION WEEK”(AFW) YouTube kanalida, instagram va facebook sahifalarida to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyish 25-28 iyun kunlari kech soat 19.00 dan boshlab namoyish etiladi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




