O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 maydagi PF-5989-sonli «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan 2022 yil 1 yanvarga qadar 64 ta pozitsiyadagi import qilinadigan xom ashyo va boshqa materiallar ro‘yxati tasdiqlandi.
Yuqoridagilarga asosan, butun dunyodagi pandemiya tufayli iqtisodiyot og‘ir holatda bo‘lsada,to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari tomonidan joriy yil 1-chorakda 455,9 mln.dollar (o‘tgan yilga nisbatan 126% ) yuqori qiymatli tayyor mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.
Shu bilan birga, joriy yilning 2-choragida qo‘shimcha qiymat hosil qiluvchi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida 75,5 mln.dollar miqdoridagi sun’iy va sintetik gazlamalar, ximikatlar, aksessuar va furnituralar importi amalga oshirilishi kutilmoqda. Buning natijasida 2020 yil 2-chorakda 386,9 mln.dollar (importga nisbatan 512 % ko‘p) miqdorida eksport amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining 300 dan ortiqrog‘i dunyodagi pandemiya sababli xorijiy hamkorlar bilan kooperatsion aloqa o‘rnatgan xolda yangi turdagi ko‘p talab etilayotgan himoya niqoblari, kombinezon, doka (marlya), tibbiy xalatlar va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yilib, qo‘shimcha 4,0 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




