Paxta to‘qimachilik klasterlari tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda sohaga innovatsion asosda yondashilmoqda. Shu maqsadda qishloq xo‘jaligi texnika vositalari parkini zamonaviy texnikalar asosida shakllantirishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Yaqinda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumaniga “AMINA GOLD INBEST” MCHJ tomonidan 20 dona umumiy qiymati 7 milliard 651 million 626 ming so‘mlik zamonaviy haydov traktorlari keltirildi.
Kezi kelganda ta’kidlash lozimki, “AMINA GOLD INBEST” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan joriy yilda 6 ming 413 gektar yer maydoniga chigit ekilgan bo‘lib, 18 ming 639 tonna sifatli sanoat xom ashyosi yetishtirish rejalashtirilgan.
Shu maqsadda tumandagi 150 ta fermer xo‘jaliklari bilan kontraktatsiya shartnomalari imzolangan. Ayni kunlarda bu yerda 100 ga yaqin mahalliy yoshlar mehnat qilishmoqda. Yangi zamonaviy haydov traktorlari olib kelinganligi munosabati bilan qo‘shimcha 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Ayni kunlarda haydov traktorlari Respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmuyi ustidan nazorat qilish inspektsiyasining Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan ro‘yxatga olinib, maxsus sertifikatlar berilmoqda.
Manba: “Xalq so‘zi”
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




