«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi vakillari tomonidan Aksu To‘qimachilik sanoat parki delegatsiyasi hamda ushbu park hududida faoliyat yuritayotgan korxonalar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida Xitoy vakillari tomonidan 5 400 gektar maydonda joylashgan va qariyb 350 ta to‘qimachilik korxonasini birlashtirgan sanoat parkining salohiyati haqida ma’lumot berildi.Park korxonalarining yillik ishlab chiqarish quvvatlari:
• 350 ming tonna ip-kalava;
• 200 million pogon metr mato;
• 150 ming tonna trikotaj mato;
• 4 milliard dona tayyor mahsulot.
Uchrashuvda quyidagi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi:
- mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan ip-kalavani xarid qilish hamda banklar balansidagi yigiruv korxonalarini xitoylik investorlar bilan hamkorlikda faoliyatini qayta tiklash;
- sintetik va aralash matolarni O‘zbekistonga yetkazib berish, ulardan tayyor mahsulot ishlab chiqarish hamda Yevropa Ittifoqi bozorlariga eksport qilish;
- mamlakatimizda zamonaviy bo‘yoq va pardozlash (finishing) korxonalarini tashkil etish.
Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, tomonlar mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun zarur ma’lumotlar almashish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT





