
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasida O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Qarorlari, Farmoyishlari va topshiriqlari hamda Hukumat tomonidan berilayotgan barcha topshiriqlar ijrosini ta’minlashda “Ijro.gov.uz” elektron tizimi orqali nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, timizda belgilangan vazifa va topshiriqlar ijrosini ta’minlashda Uyushma tomonidan barcha zaruriy ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Joriy yilning 25 iyul sanasida qabul qilingan “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-117-sonli Farmoni ijro intizomi samaradorligi va natijadorligini amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan 2025 yil yakunlari bilan 189 ta topshiriqning ijrosi to‘liq ta’minlandi.
Topshiriqlar ijrosini ta’minlashda eng avvalo, ularning natijadorligiga e’tibor qaratish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Bunda ijroga barvaqt kirishmaslik, tasdiqlangan nazorat rejalari, yo‘l xaritalaridagi muddatlar bilan tizimli ravishda ishlarni tashkil qilmaslik, faqatgina ijro muddati yaqin bo‘lgan topshiriqlar bilan ishlash kabi salbiy illatlarni keskin va manzilli bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, 2025 yil uchun eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) tasdiqlangani, unga ko‘ra joriy yil IV-chorak yakunlari bo‘yicha quyidagi ko‘rsatkichlarga erishildi.
- Asosiy erishilgan ko‘rsatkichlar:
15 ta ko‘rsatkichning ijrosi to‘liq bajarilib, 2 ta ko‘rsatkich, jumladan tashqi bozor kon’yunkturasi o‘zgarishi natijasida eksport ko‘rsatkichlari qisman ta’minlandi. Xususan:
– sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari o‘sish sur’atlari 8,5 foizga oshdi (144,5 trln so‘m);
– Eksport hajmi 2,6 mlrd dollarga yetkazildi, belgilangan reja 65,1 foizga ta’minlandi.
– Investitsiya dasturi doirasida 107,2 mln dollar miqdorida investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilib, belgilangan rejaga 101,8 foizga bajarildi;
– 70 dan ortiq investitsiya loyihalari foydalanishga topshirildi;
– sanoat mahsulotlari tannarxi xarajatlari 8,3 foizga qisqartirildi;
– mahalliy korxonalar tomonidan ip kalavani qayta ishlash darajasi 65,9 foizga yetkazildi;
– sohada energo tejamkor texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish orqali 22,4 mln kVt energo samaradorlikka erishildi;
– 30 dan ortiq Xalqaro ko‘rgazmalarda 500 dan ortiq korxonalar ishtiroki ta’minlanib, eksport geografiyasi 76 ta davlatni tashkil etdi.
2025 yil sentyabr-dekabr oylari yakuni bo‘yicha Uyushma samaradorligi 93,2 % ni tashkil etib vazirlik va idoralar bo‘yicha 42 o‘rinni tashkil etdi.
Qosim Qoraqulov
Ijro nazorati bo‘limi boshlig‘i
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




