Yurtimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun davlatimiz Rahbari boshchiligida barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Eng avvalo, yordamga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash — ya’ni qarovchisi yo‘q qariyalar, nogironlar, kam daromadli oilalar, bemorlar holidan xabar olish, ularga ushbu qiyin kunlardan eson-omon chiqib olishiga ko‘maklashish maqsadida turli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan iqtisodiyotni, tadbirkorlarni, endigina oyoqqa turayotgan, qishloq joylarida minglab ishchi kuchini yaratishga hissasini qo‘shayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlari va korxonalarini qo‘llab-quvvatlash uchun alohida Prezident Farmoniga ham qo‘l qo‘yilgani sohaga bo‘lgan yuksak e’tibordan dalolat.
Prezidentimizning butun xalqimizga qilgan murojaatlariga javoban to‘qimachilik korxonalarining saxovatpesha rahbarlari tomonidan ezgu ishlarga qo‘l urildi, jumladan, niqoblar yetishmovchiligini oldini olish maqsadida himoya vositalarini ishlab chiqarish boshlandi, yurtdoshlarimizga beg‘araz yordam sifatida himoya vositalari tarqatildi, bu aktsiyalar respublikamizning turli viloyatlarida amalga oshirildi.
“Baxt tekstil“ kompaniyalar guruhi ham ushbu xayrli ishlarga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida kuni kecha Toshkent shahrining Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarida istiqomat qiluvchi nogironlar, qarovchisi yo‘q qariyalar, ko‘p farzandli oilalar ro‘yxati tuzilib ularga birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari, gigiyenik va himoya vositlaridan iborat mahsulotlar to‘plami tarqatildi.
Guruh tarkibiga kiruvchi “Biznes Aziya” MCHJ tomonidan hozirda, qiymati 200 ming so‘mni tashkil etgan to‘plamlar 200 dan ortiq oilalarga tarqatildi va shu oy mobaynida yana 200 ta oilaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

– Biz avvalo bu ishlarni hech qanday qistovlarsiz, yuragimizdan insonlarga yordam berish va og‘ir damlarda qo‘llash maqsadida amalga oshirdik. Shu sababdan, faqat ichki ro‘yxat orqali ish yuritdik. Agar karantin cho‘ziladigan bo‘lsa, bu ishlarni yana davom ettiramiz“ — deydi korxona vakili.
Ezgu ishlarga qo‘l urib, xalqimizdan beg‘araz yordamini ayamayotgan tadbirkorlarimizga, shu jumladan, “Baxt tekstil“ rahbariyatiga “O‘zto‘qimachiliksanoat“ uyushmasi tomonidan o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



