Virusga qarshi himoyalovchi innovatsion kombinezonlar haqida xabar OAVlarida yoritilgandan so‘ng Uyushmaga ko‘plab ushbu kombinezonlarni sotib olish istagida bo‘lgan yurtdoshlarimiz murojaat qilishmoqda. Asosan ushbu mahsulotni oddiy aholi qayerdan sotib olish mumkinligi, narxi va xususiyatlari haqida so‘rovlar kelib tushdi.
“Cotton Road” qo‘shma korxonasi vakili To‘lqin Axmadaliyev bu savolga oydinlik kiritdi.
– Aytingchi, matoni kumush bilan singdirish orqali virus va bakteriyalarga kurashuvchanligini oshirish texnologiyasi anchadan beri ma’lum. Sizlar tomoningizdan ishlab chiqilgan kombinezonlar qanday afzalliklarga ega?
– Korxonamiz tomonidan taqdim etilgan ushbu kombinezonlar Shveytsariya va Germaniya tadqiqotchilari tomonidan yaratilgan Viroblock texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan. Bu texnologiya hozircha dunyoda unikal hisoblanib, maxsus kelishuv orqali faqatgina O‘zbekistonda ishlab chiqarish uchun olingan. Kombinezonlarning afzalligi shundaki, aynan o‘zimizda ishlab chiqarilgan paxta matosini kumush zarralari bilan to‘yintirib ionlashtirilgan moddaga singdirilib, mato ustki qatlami viruslarni zararsizlantiruvchi vositalar bilan qoplanadi. Paxta matosi yaxshi havo o‘tkazuvchi hisoblanganligi uchun u hech qanday noqulaylik tug‘dirmaydi. Bundan tashqari kombinezonlarni 15 marotabagacha ishlatish mumkin.
– Hozirda kunlik ishlab chiqarish hajmi qancha va kimlarga yetkazib berilmoqda?
Bizning asosiy faoliyatimiz uy tekstili mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘lib, eksport qiluvchi korxona hisoblanamiz. Kombinezonlar esa faqatgina ichki bozorga – ya’ni xalqimiz, shifokorlarimiz uchun ishlab chiqarilmoqda. Oylik ishlab chiqarish hajmi 10 000 donani tashkil qilmoqda va hozirda ishlab chiqarishni kengaytirish ustida ish olib bormoqdamiz. Biz avvalo bu kombinezonlarni COVID-19 bilan zararlangan bemorlarni davolovchi kasalxonalarga, bank va korxona ishchilariga buyurtma asosida yetkazib bermoqdamiz.
– Ushbu mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish rejasi bormi?
– Ta’kidlaganimdek, ushbu kombinezonlar aholi ehtiyojini qondirish uchun va zararlanish holatlarini kamaytirish maqsadida ishlab chiqarilmoqda.
Buyurtma berish masalasi bo‘yicha qo‘yidagi telefon raqamr orqali murojaat qilishingiz mumkin: + 99890 371-16-30
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




