Better Cotton kompaniyasi O‘zbekistondagi asosiy manfaatdor tomonlar bilan mamlakatning paxtachilik sohasini yanada yaxshilash maqsadida Barqaror rivojlanish yo‘li xaritasini ishlab chiqdi va imzoladi. Bu haqda Tashkent Textile Week va «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasining axborot hamkori Fibre2Fashion veb-saytida Better Cotton nashriga tayanib, xabar berdi.
Avval xabar qilinganidek, hujjat Toshkent to‘qimachilik haftaligi doirasida imzolangan bo‘lib, unda #Better Cotton dasturining katta menejeri Reychel Bekket biznes, hukumat, fuqarolik jamiyati, xalqaro tashkilotlar va ta’lim muassasalari vakillarini o‘z ichiga olgan 600 dan ortiq delegatlarga yo‘l xaritasini taqdim etdi.
Ushbu hujjat to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishga qanday yordam beradi?
Qayd etilganki, “Yo‘l xaritasi” to‘rtta asosiy maqsad bo‘yicha erishilgan muvaffaqiyatlarni o‘lchash imkonini beruvchi batafsil harakat rejasidir.
Maqsadlar quyidagilardan iborat:
1) Barqarorlik asoslari haqida mamlakatdagi paxtachilik sohasi vakillari xabardorligini oshirish;
2) Munosib mehnat, xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlarini, ish beruvchi-xodim munosabatlarini samarali boshqarish, samarali ijtimoiy muloqotni ta’minlaydigan samarali mehnat tizimlarini yo‘lga qo‘yish orqali paxtachilik sohasi xodimlarining mehnat huquqlarini rag‘batlantirish;
3) Asosiy manfaatdor tomonlarning paxta yetishtirishning ekologik barqarorligi bilan bog‘liq ilg‘or tajribalar va ularni mahalliy darajada qanday baholash mumkinligi haqida xabardorligini oshirish;
4) Better Cotton dasturi qanday boshqarilishini, moliyalashtirilishini va kengaytirilishini belgilovchi uch yillik strategiyani ishlab chiqish.
Shuningdek, bu haqda, Hindistonning “Apparel Resources” nashrida, Buyuk Britaniyaning “Just Style” va “EcoTextile News” jurnallarining vebsaytlarida keng yoritildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




