O‘zbekistonda Better Work xalqaro dasturi joriy etilmoqda, u paxta, to‘qimachilik, tikuv-trikotaj tarmoqlarida biznes yuritish uchun qulay sharoitlar yaratishga mo‘ljallangan. Bu dasturdan umidimiz katta, chunki u paxta bilan bog‘liq sanoat sohalarida ish yuritadigan ko‘pgina mamlakatlarga o‘z iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashga imkon berdi. Better Work tashabbusining xalqaro miqyosdagi ijobiy tajribasi va natijadorligini inobatga olib, uni O‘zbekistonda ham amalga oshirishga qaror qilindi. Bu ishlarning barcha tafsilotlari haqida dastur menejeri janob Abu YUSUFDAN bilib oldik.
– Janob Abu Yusuf, Sizni qutlashdan mamnunmiz. Kelishuvga ko‘ra, Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro moliya korporatsiyasi tashabbusi – Better Work dasturini amalga oshirish yuzasidan Hukumat, ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bu yangi dastur O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari bilan ishlashga qaratilgan. Better Work joriy etilishi tarmoqqa qanday natijalar keltiradi?
– Better Work dasturi tarmoqda turli darajalarda yuz bergan o‘zgarishlarni ko‘zdan kechiradi. Faoliyatimiz, birinchidan, bizning baholash, o‘rgatuvchi va maslahat sessiyalarimiz yordamida fabrikalar bilan bevosita ishlashga; ikkinchidan, milliy mehnat qonunchiligi va xalqaro mehnat me’yorlariga muvofiqlik doirasida korxonalarga mehnat sharoitlarini yaxshilash borasida yordam ko‘rsatishga; uchinchidan, bu korxonalardan mahsulot sotib olib, shu orqali ularning xaridlar ama- liyoti va mahsulot yetkazib berish zanjirining umumiy holati yaxshilanishiga yordam beradigan xalqaro brendlar va chakana sotuvchilar bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Korxonalar Better Work bilan o‘zaro ishlab, xalqaro xaridorlar tomonidan Shaffof muvofiqlik (Transparent Compliance) maqomini taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi, bu esa ularga xalqaro xaridorlar bilan biznes yuritish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi. Shu bilan birga tarmoq/milliy darajadagi tadqiqot va axborot-targ‘ibot ishlari alohida korxonalar doirasidan chiqadigan muammolar yechimiga qaratilgan. O‘zbekistonda O‘zaro anglashuv memorandumida kelishilgan bandlar yanada keng va qulay muhitga taalluqlidir, Better Work uzoq muddatli istiqbolda muvaffaqiyatli ishlashi uchun bu muhitni yaratish kerak. Xalqaro mehnat tashkilotining boshqa loyihalari va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar bilan birgalikda O‘zbekistonning butun paxta, to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatini qo‘llab-quvvatlashdan umid qilmoqdamiz, chunki mamlakatingiz milliy mehnat qonunchiligi va xalqaro mehnat me’yorlariga amal qilishni yaxshilashi barobarida jahon miqyosida yanada raqobatbardosh bo‘lishidan manfaatdormiz. O‘zaro anglashuv memorandumida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga muvofiq, biz dastur ishtirokchilari bilan birga jamoaviy muzokaralarni birlashtirish va o‘tkazish erkinligi uchun qulay sharoitlar yaratish ustida ishlaymiz, shuningdek, Mehnat nozirligi departamenti va ijtimoiy hamkorlar salohiyatini mustahkamlashga yordam ko‘rsatamiz. Endilikda, o‘zbek paxtasiga taqiq bekor qilingandan so‘ng, biz O‘zbekistondan ko‘proq jahon brendlari va chakana sotuvchilarni jalb etish harakatidamiz. Ishimizning yakuniy bosqichida jahon darajasida birlashuvga erishamiz: tarmoq muammolarini hal etish, ham brendlar va yetkazib beruvchilar, ham soha xodimlari uchun uzoq muddatli barqaror yechimlarni izlash maqsadida, biz mahsulot yetkazib berish zanjirining barcha ishtirokchilarini birlashtirish uchun o‘z vositalarimizdan foydalanamiz.
O‘zbekistonni Better Work ro‘yxatining 13-mamlakatiga kiritgan dastur o‘z tajribasiga, shuningdek, xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilashga, xususan, ayollar uchun ko‘plab ish o‘rinlarini tashkil etishga, biz ishlaydigan mamlakatlarda eksport hajmlarini oshirishga hissa qo‘shgan to‘qimachilik va tikuv mahsulotlarini ishlab chiqaradigan asosiy mamlakatlar yutuqlariga tayanadi.
– Ma’lumki, kiyim-kechak va to‘qimachilik mahsulotlari narxlarini yaratish zanjirida dastur bevosita fabrikalar bilan ishlamoqda, xalqaro xaridorlar bilan muvofiqlik madaniyati, ijtimoiy muloqot, boshqaruv va aloqa tizimlarini yaratish maqsadida Better Work uslubiyatlarini qo‘llamoqda. Better Work dasturi ishtirokchilari uchun asosiy mezonlar qanday?
– Better Work dasturi O‘zbekistonning istalgan hududidagi narx yaratish zanjiridan manfaatdor kompaniyalar bilan ish yuritish uchun ochiqdir. Ammo dasturni amalga oshirishning boshlang‘ich bosqichida ishtirokchilar soni taxminan 15-20 kompaniya bilan cheklangan. Ro‘yxatdan o‘tish istagida bo‘lgan korxonalar uchun ijtimoiy muvofiqlik kontseptsiyalarini qo‘llash uchun o‘qishga va biz bilan hamkorlik qilishga shaylikdan o‘zga aniq mezonlar yo‘q. Biz texnik mazmun va yondashuvni mahalliy sharoitlarga moslashtirishga, mamlakatning mentaliteti va madaniy jihatlarini inobatga olishga, milliy korxonalar rahbariyati va xodimlari, mehnat bozorini tartibga soladigan uchinchi taraflar (hukumat) bilan ishlashga intilamiz.
– Better Work standartlarini joriy etgan Bangladesh kompaniya va korxonalari faoliyati bilan tanishish maqsadida Baht Teks, BCT, Navbakhor Textile, ABC Oqqo‘rg‘ on, Jizzah Toshtepa Tekstil kabi milliy korxonalar vakillaridan iborat o‘zbek delegatsiyasining shu mamlakatga Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda uyushtirilgan tashrifi dasturni amalga oshirishda qo‘yilgan ilk qadam bo‘ldi. Better Work yana qaysi mamlakatlarda muvaffaqiyatli ishlamoqda?
– Better Work Bangladesh, Kambodja, Misr, Efiopiya, Gaiti, Indoneziya, Iordaniya, Madagaskar, Nikaragua, Pokiston, Shri-Lanka va Vyetnamda amalga oshirilmoqda, o‘z ishini esa 20 yildan ko‘proq vaqt muqaddam Kambodjada boshlagan. Bu vaqt ichida Kambodja tikuvchilik sanoatining eksporti taxminan 1 mlrd. dollardan 8 mlrd. dollardan ko‘proqqa oshdi.
Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro moliya korporatsiyasining uch taraflama hamkorlaridan rasmiy so‘rov 2022 yilda dasturning texnik-iqtisodiy asoslanishini o‘tkazishga turtki berdi. Keyinroq muzokaralar o‘tkazilib, O‘zbekistonda Better Work dasturini amalga oshirishni boshlash uchun zarur shart sifatida O‘zaro anglashuv memorandumi muvofiqlashtirildi. Dasturni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, shuningdek, Germaniya, Shveytsariya, AQSh va Yevropa Ittifoqi tomo- nidan qo‘llab-quvvatlanadigan hamda Jahon banki tomonidan boshqariladigan Ko‘p taraflama donorlik trast jamg‘armasi (MDTF) moliyalashtirmoqda.
2023 yil iyul holatiga ko‘ra, Better Work dasturi doirasida Toshkentda kichik jamoa tuzilgan, u tez orada ishga kirishadi.
– Better Work dasturini amalga oshirish orqali butun tikuv-trikotaj tarmog‘i raqobatbardoshligini yuksaltirish, jahonning mashhur brendlari va yirik savdo tarmoqlari vakillarini jalb etish ko‘zda tutilgan. Better Work brendlar va riteylerlar bilan qay tarzda hamkorlik qiladi, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar uchun bu nimani anglatadi?
– Fikrimizcha, barcha ishtirokchilar, shu jumladan, jahon brendlari va chakana sotuvchilar (va ularning vositachilari) bilan hamkorlik munosabatlarini kengaytirish – dunyo mahsulot yetkazib berish zanjirida tizimli o‘zgarishlarga erishishning yagona yo‘lidir. O‘z yetkazib beruvchilaridan mahsulot oladigan xalqaro brendlar va chakana sotuvchilar ishlab chiqaruvchilarga ijobiy o‘zgarishlarga erishishga yordam berib, Better Work dasturining muvaffaqiyatiga katta hissa qo‘shmoqda. O‘z tomonidan esa Better Work ularga ijtimoiy me’yorlarga rioya qilish nuqtai nazaridan keng va uzoq mudli o‘zgarishlarga e’tibor bergan holda mahsulot yetkazib berish zanjiri sharoitlarini yaxshilash uchun universal vositalarni taqdim etishi mumkin.
Better Work mahsulot yetkazib beruvchilarga milliy mehnat qonunchiligi va xalqaro mehnat me’yorla- rini tushunish va qo‘llashga yordam berib, yaqindan hamkorlik qilmoqda. Biz O‘zbekiston ijtimoiy muvofiqlikning yangi madaniyatini yaratishida yordam ko‘rsatmoqdamiz, bu madaniyat o‘z navbatida yangi xaridorlar ishonchini qozonishga imkon beradi. Ishonchimiz komilki, mehnat sharoitlarini yaxshilash biznes uchun foydalidir, shu boisdan ham o‘zbekistonlik yetkazib beruvchilar jahon brendlari talablariga mos kelishi uchun o‘z tajribamiz va vositalarimizni taklif etamiz. Qariyb 200 xalqaro brend Better Work bilan hamkorlik qilmoqda, ularning taxminan 50 tasi o‘z mahsulot yetkazib berish zanjirida muvaffaqiyatli odimlash uchun biz bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida bitimlar imzolagan.
– Suhbatingiz uchun tashakkur. Better Work dasturi doirasida mamlakatimiz bilan hamkorlik samarali va muvaffaqiyatli bo‘ladi, deb chin dildan umid qilamiz.
uzts.uz veb-saytidagi ma’lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tirajlash, tarqatish va boshqa tarzda foydalanish faqat uyushma veb-saytiga havola orqali amalga oshirilishi mumkin
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




