Xitoyning Guanjou shahrida O‘zbekiston Bosh konsulxonasi rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda mamlakatimizning Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Baxtiyor Saidov, Guandun provintsiyasi va Guanjou shahri Xalq hukumati rahbarlari, shuningdek, hududdagi ishbilarmon, jamoat va ekspert doiralari vakillari hamda vatandoshlarimiz ishtirok etdi.
Elchi Baxtiyor Saidov Bosh konsulxonaning ochilishi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish, barcha sohalarda amaliy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, eng avvalo, respublikamiz viloyatlari va XXR janubiy provintsiyalari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini oshirishga qo‘shimcha turtki berishini qayd etdi.
Umuman, yirik sanoat, moliya va transport markazi bo‘lgan Guanjou shahri mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish, savdo, iqtisodiyot, investitsiya, energetika, transport kommunikatsiyasi va boshqa sohalardagi hamkorlik mustahkamlanishida muhim o‘rin tutadi.
Yangi ochilgan Bosh konsulxona okrugiga Guandun, Futszyan, Xunan, Xaynan provintsiyalari hamda Xitoyning Guansi-Juan avtonom tumani kiradi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning sarmoyaviy, eksport va sayyohlik salohiyati taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar e’tiboriga O‘zbekistonda yaratilgan jozibali ishbilarmonlik muhiti, erkin iqtisodiy zonalar hududida biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar, qurilish, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi jabhasini rivojlantirish borasida erishilgan muvaffaqiyatlar hamda ayni yo‘nalishlardagi hamkorlik istiqboli to‘g‘risidagi atroflicha ma’lumot taqdim etildi.

O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




