O‘zbekiston va Germaniya to‘qimachilik sanoati o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan GUZ Partners loyihasi doirasida mamlakatimiz to‘qimachilik korxonalarining ishlab chiqarish imkoniyatlari, texnologik salohiyati va eksport yo‘nalishlari bilan tanishish bo‘yicha tashriflar amalga oshirildi.
Joriy yil boshida boshlangan va uch yilga mo‘ljallangan loyiha mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda Germaniya to‘qimachilik sanoati vakillari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va yangi biznes imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan.
Loyiha koordinatori, Germaniya to‘qimachilik sanoati uyushmasi Gesamtmasche vakili Romana Augenstein O‘zbekistonga tashrifi davomida bir qator hududlardagi to‘qimachilik korxonalari faoliyati bilan tanishdi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati — 13-oktabr
Tashrifning dastlabki bosqichida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan Bakan Tex, Uztex hamda Diva korxonalarining ishlab chiqarish faoliyati bilan tanishildi.
Korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot turlari, texnologik jarayonlari va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlariga e’tibor qaratildi.
Farg‘ona viloyati — 14-oktabr
Tashrifning navbatdagi bosqichi Farg‘ona viloyatida davom etdi. Hududdagi Fergana Global Textile, Global Textile Infinity va Shoshomi Textile korxonalarida ishlab chiqarish jarayonlari hamda korxonalarning mavjud salohiyati bilan tanishildi.
Uchrashuv va tashriflar davomida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning imkoniyatlarini Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish nuqtayi nazaridan o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi.
Namangan viloyati — 15-oktabr
Namangan viloyatida Bekmen, ADIM, Dilmir Tikuv Service, Aisha Home, Mustang Textile, Nafiz Dizayn, Tikuvchi va D.Maretti korxonalari faoliyati bilan tanishildi.
Mazkur tashriflar doirasida korxonalarning ishlab chiqarish yo‘nalishlari, mahsulot assortimenti va texnologik imkoniyatlari o‘rganildi. Shuningdek, O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish hamda yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari
Tashrif dasturi doirasida Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri hamda Buxoro viloyatidagi to‘qimachilik korxonalari faoliyati bilan ham tanishildi. Ushbu hududlardagi ishlab chiqaruvchilarning salohiyatini o‘rganish mamlakatimiz to‘qimachilik sanoatining hududlar kesimidagi imkoniyatlarini yanada kengroq namoyish etishga xizmat qildi.
Hamkorlikning yangi istiqbollari
Tashriflar davomida korxonalarning ishlab chiqarish imkoniyatlari, mahsulot turlari, texnologik salohiyati va eksport imkoniyatlari o‘rganildi. Shu bilan birga, Germaniya kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi biznes imkoniyatlarini yaratish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
GUZ Partners loyihasi doirasidagi mazkur tashriflar O‘zbekiston va Germaniya to‘qimachilik sanoati o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash, mahalliy korxonalarning xalqaro bozorlardagi ishtirokini kengaytirish va yangi sheriklik tashabbuslarini rivojlantirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.




O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT
