2023-yilning 14-fevral kuni “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasida Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi elchisi Yusuf bin Solih al-Utaybiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv ikki mamlakatning to‘qimachilik sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirishda alohida ahamiyatga ega ekanligini tomonlar ta’kidladi.
Aytish joizki, keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasida ko‘p tarmoqli aloqalar faollashdi. Xususan, sarmoyaviy, energetika va savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlik jadal kengaymoqda.
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik Siyosiy, iqtisodiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va texnologik sohalardagi hamkorlik to‘g‘risidagi Anglashuv asosida amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil avgust oyida Saudiya Arabistoni Podshohligiga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi muhim bosqich bo‘lib, ularning rivojlanishiga qo‘shimcha turtki bo‘ldi.
To‘qimachilik sohasida o‘tgan yili O‘zbekistondan Saudiya Arabistoni Podshohligiga eksport hajmi yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tikuvchilik, trikotaj, paypoq va gilam mahsulotlariga to‘g‘ri keldi.
Saudiya Arabistoni elchisi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida to‘qimachilik sanoati sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish, trikotaj, uy to‘qimachilik, bolalar kiyimlari va gilam mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarning biznes missiyasini amalga oshirish, biznes-forum va V2V uchrashuvlarini o‘tkazish, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga arab investorlari va to‘qimachilik kompaniyalarini jalb qilish imkoniyatlarini o‘rganish va keyinchalik buyurtmalarni joylashtirish uchun ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston tomoni amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari bo‘yicha takliflar va biznes-forumda ishtirok etadigan korxonalar ro‘yxatini yuboradi.
Avvalroq, 2022-yil noyabr oyida Saudiya Arabistoni Podshohligi elchisi bilan uchrashuvda Neom shahriga uy tekstili yetkazib berish masalasi muhokama qilingan edi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




