“OQSAROY TEKSTIL JIZZAH” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Inog‘amov Asqar Akromovich shu yilning 19 oktyabr kuni og‘ir hastalik tufayli bevaqt vafot etdi.
A.Inog‘amov tajribali, ilg‘or va yuqori malakali sanoat xodimi sifatida, mustaqillik yillarida mamlakatmizda yengil sanoat tizimini rivojlantiriga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tajribali mutaxassislardan biri edi.
Uning bevosita ishtiroki, ishbilarmonligi, tashabbuskorligi, intizomliligi va tadbirkorligini inobatga olib, 2013 yili Yangiyo‘l shahridagi “PLASTEKS” mas’uliyati cheklangan jamiyatini bosh direktori lavozimidan Jizzax shahridagi “JIZZAX PLASTEKS” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori lavozimiga tayinlangan. Ishlab chiqarish sohasidagi katta tajribasi tufayli korxona tomonidan mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish prognozlarini bajarishda amaliy yordam berib kelgan.
Ishlab chiqarish quvvatlaridan unumli va oqilona foydalanish hisobiga korxonada iqtisodiy ahvolida barqarorlik yaqqol namoyon bo‘lib, bu ishlarni amalga oshirishda A.Inog‘amov katta hissa qo‘shib kelgan.
Shuningdek, A.Inog‘amov yosh mutaxassislarga ustozlik qilib, o‘zining faoliyati davrida tarmoq to‘qimachilik o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari va bitiruvchilarida ishlab chiqarishga ko‘nikma hosil qilish borasida tinimsiz mehnat qilgan.
Uning bevosita tashabbusi bilan so‘nggi yillarda bir qator kam ta’minlangan oilalar, yakka yolg‘iz qariyalar, nogironlarga moddiy yordamlar ko‘rsatildi hamda korxona ishchi xizmatchilarning to‘y va marakalarida faol ishtirok etib kelgan.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi jamoasi va tarmoq korxonalari Asqar Inog‘amovning vafoti munosabati bilan ta’ziya izhor etib, marhumning oila-a’zolariga, yaqinlariga, korxona jamoasiga chuqur hamdardlik bildiradi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi jamoasi
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




