Joriy yil 10 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6166-son Farmonni imzoladi.
— Farmonda belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati, ahamiyatini davlat va xo‘jalik boshqaruvining har bir organi, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlari va mutaxassislariga yetkazish hamda tushuntirish bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.
— mamlakatimiz Prezidenti tomonidan respublika hududlariga tashriflar va aholining keng qatlamlari bilan muloqotlar chog‘ida belgilangan tizimli vazifalarni o‘z vaqtida, to‘liq va samarali amalga oshirishga doir kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish bu boradagi ishlarning asosiy, muhim va ustuvor yo‘nalishidir.
Bugungi kunda ushbu muloqotlarni hech bir mubolag‘asiz “xalq minbari” deb atash mumkin. Ushbu “minbar”da rahbarlarning so‘z va ish birligi, Davlatimiz Rahbarining hujjatlari va topshiriqlari ijrosining aniq natijalari tekshirilib, “…ertaga va ertadan keyin emas, balki aynan bugun…” hal etishni talab qiladigan kamchiliklar va muammolar ochib berilmoqda.
“Ijro.gov.uz” tizimining vazirlik (idora) → hokimlik → Adliya vazirligi → Vazirlar Mahkamasi → Hisob palatasi → O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi “texnologik zanjiri”da respublika hududlari bo‘yicha 74 ta topshiriqlar protokoli doimiy nazoratda turibdi. 10506 ta topshiriqning bugungi kunda 8703 tasi to‘liq bajarildi, qolganlari esa amalga oshirilmoqda.
Birgina Toshkent viloyati misol uchun, Tadbirkorlik, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, viloyat va Nurafshon shahrining muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yangilash, yoshlar sanoat zonalarini tashkil qilish, “Mahallabay” tizimining ishlashini takomillashtirish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha Davlatimiz Rahbarining va respublika Hukumatining qarorlari puxta ishlab chiqilib, qabul qilindi. Davlat tomonidan yordam ko‘rsatish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100,0 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi;
tezkor, o‘rta muddatli va istiqbolli vazifalar bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining Davlatimiz Rahbari huzurida hisobot berishi nazorat-tahliliy ishlarning muhim jihati hisoblanadi. Ushbu hisobotlar rahbarlarning professional yetukligi va o‘z ishini bilishi yuzasidan, ularni shaxsiy mas’uliyat ruhida tarbiyalash uchun jiddiy imtihon hisoblanib, tizimli kamchiliklarga printsipial baho berishning, shuningdek, ham iqtisodiyot tarmoqlarini, ham respublika hududlarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha eng maqbul va samarali yechimlarni ishlab chiqishning chinakam “akademiyasi”ga aylandi.
O‘zingiz baho bering. Bugungi kunda mahalliy sanoat korxonalarini rivojlantirish masalalari puxta muhokama qilindi va ular bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rildi. Davlat aktivlarini xususiylashtirish, yer munosabatlari, davlat xaridlari, uy-joy qurilishi va kommunal xizmat ko‘rsatish, onkologiya va gematologiya sohasida tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar ko‘lamini kengaytirish va ularni yangi mazmun bilan boyitish masalalari diqqat markazida turibdi;
Respublika Oliy Majlisi har ikkala palatasining yalpi majlislarida Hukumatning “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining amalga oshirilishi to‘g‘risidagi hisobotlari eshitildi. 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida 15 ta qonunning, shu jumladan, “Aholi bandligi to‘g‘risida”, “Fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”, “Elektron hukumat to‘g‘risida”, “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”, “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish to‘g‘risida”, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunlarning ijrosi tanqidiy va har tomonlama o‘rganildi.
Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida Davlatimiz Rahbarining 27 ta farmoni va qarorlarining nazoratdagi topshiriqlari o‘z vaqtida, to‘liq bajarilishi va natijadorligi tanqidiy va har tomonlama tahlil qilindi. “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni tashkil etishni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatida printsipial jihatdan yangi mexanizmlarni joriy etish va sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjatlar shular jumlasidandir;
Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada ishlarning holatini tanqidiy tahlil qilish bilan birga barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor berilmoqda. shaharlar va tumanlar hokimliklari rahbarlari mahallalarda, xotin-qizlar o‘rtasida va chet eldagi mehnat migrantlari bilan ishlarni kuchaytirish, aholini, ayniqsa, yoshlarni arzon uy-joy bilan ta’minlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilayotgan muammolarni hisobga olish va hal etish, yolg‘iz, keksa va nogiron shaxslarga har tomonlama ko‘maklashish kabi muhim sohalarda ular tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi to‘g‘risida hisobot berdilar.
Qat’iy ijro intizomini mustahkamlash, barcha darajalardagi rahbarlarning ular boshchilik qilayotgan sohalar va hududlarda mehnatning pirovard natijalari uchun shaxsiy mas’uliyatini oshirishning sanab o‘tilgan va boshqa shakllari va usullari, doimiy ravishda yangi zaxiralarni izlash hamda moddiy, mehnat va moliyaviy resurslardan yuqori darajada samarali foydalanish ko‘p jihatdan joriy yilning I yarim yilligida, so‘zsiz, barqaror iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga erishish imkonini berdi.
Shu bilan birga, davlat va jamiyat hayotida faqat ko‘rsatkichlar va statistik ma’lumotlar bilan baholash juda murakkab bo‘lgan sohalar ham mavjud, chunki ular bebaho qiymatga va o‘zgarmas ahamiyatga ega. Bular — fuqarolarimizning tinch hayoti, jamoat tartibining barqarorligi, Davlatimiz Rahbarining aholining istisnosiz barcha toifalari, ayniqsa, keksa fuqarolar, ayollar, yoshlar va bolalarga diqqat-e’tiborlari va g‘amxo‘rliklari, ularning barcha rahbarlarga nisbatan, lavozimidan qat’i nazar, o‘ziga ishonib topshirilgan vazifada “temir intizomning” yuqori darajasini, shaxsiy mas’uliyat va teran anglangan fidoyilikni ta’minlash borasidagi doimiy talabchanliklari.
Mamlakatimiz Prezidentining hujjatlari va shaxsiy tashabbuslari amalda o‘z ifodasini topayotgani, Yoshlar kunining keng nishonlanishi hech bir mubolag‘asiz, katta avlod vakillari, otalar va onalar, ayniqsa, ko‘p millionli yoshlarning qalbidan chuqur o‘rin olib, ularga g‘urur-iftixor bag‘ishlaganining ishonchli va yorqin tasdig‘idir. Bu esa, Davlatimiz Rahbari tomonidan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti yoshlar harakati sardori bo‘lgan vaqtlardayoq mustahkam poydevori qo‘yilgan g‘oyalar va tashabbuslarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Yangi O‘zbekiston va uning haqiqiy rahnamosi uchun samimiy quvonch, zavq-shavq va g‘urur ko‘z yoshlari nafaqat farzandlik tashakkurini, balki yoshlarimizning o‘z kelajagiga bo‘lgan qat’iy ishonchini namoyon qildi. Uchrashuvlar chog‘ida yigit-qizlarimiz bilan samimiy suhbatlar, ularning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishi, otalarcha berilgan pand-nasihatlar, davlat mukofotlarining topshirilishi maktablar, kollejlar, litseylar o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalari, yosh tadbirkorlar, Tokio shahridagi Olimpiadada ishtirok etayotgan sportchilar, shuningdek, ilm-fan, madaniyat va san’at vakillariga ko‘tarinkilik ruhini bag‘ishlashi va ular uchun kuchli rag‘bat bo‘lishi shubhasizdir.
Yuqoridagilarning barchasi, eng avvalo, Yangi O‘zbekistonni jadal rivojlantirish, har bir mahalla va oiladagi farovonlik, aholining barcha toifalari hayot darajasi va sifatini yanada oshirish, mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatda haqli ravishda o‘zining munosib o‘rnini egallashi uchun zarurdir.
Tarmoq va hududga “mutasaddilik qilish emas”, balki funktsional vazifalar va vakolatlarni samarali bajarish
Bu — davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining har bir o‘rinbosari, shuningdek, hududlar hokimlari o‘rinbosarlarining ish samaradorligini pirovard mehnat natijalari bo‘yicha shaxsan baholash tizimini ishlab chiqish va joriy qilishdir. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, endi “mutasaddilik” degan yuzaki tushuncha kun tartibidan chiqarildi va bu borada yakuniy ish natijalari uchun har bir rahbarning shaxsiy mas’uliyati qat’iy belgilanmoqda.
Joriy yil 12 mayda 2021 yilning I choragida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risidagi masalalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimiz Prezidenti unda ishtirok etgan barcha birinchi rahbarlar uchun kutilmaganda kadrlar va, avvalambor, boshqaruv organlari va hokimliklar rahbarlarining barcha o‘rinbosarlari shaxsiy mas’uliyatiga alohida e’tibor qaratdilar. Aksariyat rahbarlar uchun bu kutilmagan holat bo‘ldi.
Tarixdan bizga “Kadrlar hamma narsani hal qiladi” degan so‘zlar juda yaxshi ma’lum. Bu tom ma’noda bugun ham o‘ta dolzarbdir. Biroq bugungi sharoitlarda Yangi O‘zbekistonni qurish va jamiyatni demokratlashtirishning serqirra muammolarini hal etishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining asosiy va mustahkam printsiplaridan biri bo‘lgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak!” degan ezgu g‘oyalarini barcha joyda hayotga tatbiq etish bilan bir qatorda “Ishni jamoa bajaradi, mas’uliyat esa shaxsiy!” degan mutlaqo yangi vazifa ham kun tartibga qat’iy qo‘yilgan. Ushbu muhim talabning asosiy sabablari nimalardan iborat? Buning uchun qarorlar matniga murojaat qilamiz.
Birinchi — Davlatimiz Rahbari tomonidan shu yil 28 maydagi yig‘ilishda rahbarlar o‘rinbosarlarini turli lavozimlarga tayinlash uchun munosib nomzodlarni tanlash, o‘rganish va tavsiya qilish bo‘yicha ishlar yetarlicha tizimli yo‘lga qo‘yilmaganligiga alohida e’tibor qaratildi. Ikkinchi muammo — bu ularni tarbiyalash, shakllantirish va shaxsan har bir rahbarga biriktirilgan sohada samarali natijalarni ta’minlash bo‘yicha ba’zan uzoq vaqt talab qiladigan jarayondir.
Ikkinchi — afsuski, ushbu ikkita qaror qabul qilingunga qadar ko‘plab normativ hujjatlar orasida rahbarning har bir o‘rinbosarining vazifalari, funktsiyalari, majburiyatlari va vakolatlari aniq, tiniq va tushunarli belgilab berilgan tartibga soluvchi yagona hujjat yo‘q edi. Normativ baza bo‘lmasa, ishning pirovard natijalari uchun shaxsan talab qilish imkoniyati ham yo‘q.
Uchinchi — ayrim rahbarlarda doimiy va tizimli asosda o‘zining professional darajasini oshirish, ilg‘or xorijiy tajriba asosida islohotlarni amalga oshirishga doir maxsus bilimlarni chuqurlashtirish, o‘zida erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmaslik ehtiyojini ongli ravishda shakllantirish, tashabbus ko‘rsatish va o‘z oldiga yangi marralarni qo‘yishni ta’minlash borasida shaxsiy mas’uliyat yo‘qligi. “…Ushbu talablarni amalga oshirmasdan turib, shunchaki “o‘rtamiyona” bo‘lib yoki eng achinarlisi, shiddat bilan olg‘a borayotgan lokomotivning “oxirgi vagonida” qolib ketish ehtimoli juda katta…”
To‘rtinchi — birinchi rahbarlar tomonidan o‘zining intizomsiz va zamonaviy talablarga javob bermaydigan o‘rinbosarlarini “advokat bo‘lib himoya qilish” amaliyotiga chek qo‘yilmagan. Printsipiallik, talabchanlik va shaxsiy so‘rov o‘rnini hamon “e’tibor berilsin”, “ogohlantirilsin” va ayrim hollardagina “hayfsan berilsin” qabilidagi tanbehlar egallamoqda. Aynan mana shu sabablar tufayli ayrim nazoratdagi topshiriqlarning ijrosini ta’minlash, birinchidan, to‘liq hajmda bajarilmayapti va qo‘yilgan ustuvor vazifaga erishilmasligiga olib kelmoqda, ikkinchidan, ijro muddatlari buzilgan holda bajarilyapti. Bu, o‘z navbatida, muayyan boshqaruv organi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, shuningdek, respublika hududlarida, ayniqsa, boshqaruvning tuman va shahar bo‘g‘inlarida ishlar holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Beshinchi — yuqorida qayd etilgan va boshqa omillar birgalikda rahbarlarning ayrim o‘rinbosarlari ongida davlat printsiplari va talablarini amalga oshirishda teran anglab yetilgan ehtiyoj o‘rniga, “hammasi uchun vazir, qo‘mita raisi, xo‘jalik birlashmasi rahbari, viloyat, shahar yoki tuman hokimi shaxsan javob beradi” kabi mas’uliyatsizlik falsafasini yuzaga keltirmoqda. Bunda ishonib topshirilgan vazifada professional g‘urur va iftixor chetdan kuzatuvchi pozitsiyasi bilan almashib qolmoqda. Uzr, bu shunchaki balandparvoz so‘zlar emas.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi apparatida shu yilning 15 mayidan boshlab davlat boshqaruvi organlari rahbarlari o‘rinbosarlarining va viloyatlar hokimlari o‘rinbosarlarining shaxsiy hisobotlarini eshitish amaliyoti joriy qilindi. O‘tgan davr mobaynida investitsiyalar va tashqi savdo hamda suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosarlari A.Voitov, A.Nazarov, D.Sultonov – moliya, Sh.Mirzayev – qishloq xo‘jaligi, D.Odilov – qurilish, N.Nazirov – uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining o‘rinbosarlari, shuningdek, “O‘zsuvta’minot” AJ raisining birinchi o‘rinbosari T.Haydarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari N.Yerlepesov, Andijon, Navoiy, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari O.Tursunov, T.Atamuradov, N.Erkayev, T.Yusupov, J.O‘roqov, A.Karimov, F.Mamanov, M.Fayziyev, A.O‘rinboyev va X.Shokirovlarning hisobotlari eshitildi.
Boshqaruv tizimida yana bir jiddiy masala — bu kunbay ish rejamiz. Davlatimiz Rahbarining tig‘iz ish jadvallari barcha rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, boshqaruv organlari apparatlarining mutaxassislari uchun tushunarli, namunali va o‘rgansa arzigulik jihat hisoblanadi. Dolzarb ichki va tashqi siyosat masalalari, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha serqirra maqsadli vazifalar, besh-o‘n yil oldinga mo‘ljallangan istiqbolli vazifalarni amalga oshirish borasida kompleks chora-tadbirlarni belgilash va qabul qilish, respublika aholisi, xorijiy davlatlar va xalqaro institutlar rahbarlari bilan faol muloqot qilish — har kuni ko‘rib chiqiladigan keng ko‘lamli masalalar sirasiga kiradi.
Rahbarimizning Vatan va uning har bir fuqarosi taqdiri uchun nafaqat yuksak mas’uliyat, balki jonkuyarlik, ijodiy va har tomonlama asoslangan tashabbuskorlik, o‘z ishiga haqiqiy fidoyilik va sadoqat kabi shaxsiy fazilatlari barchamiz uchun yorqin va ishonchli misol bo‘lishi ham farz, ham qarz!
Reyting baholash tizimini joriy qilish — rahbarlarni rag‘batlantirish va ularning mas’uliyatini oshirishning muhim omili
Davlatimiz Rahbarining yuqorida ta’kidlab o‘tgan hujjatlari yuksak talablar, to‘plangan amaliy tajriba, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi organlar oldida turgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, shuningdek, ularning rahbarlari va o‘rinbosarlari takliflari inobatga olingan holda tayyorlandi. Ochiq tan olib aytishim kerak, ko‘rsatib o‘tilgan qarorlarni tayyorlash biz uchun jiddiy imtihon bo‘ldi. Ushbu hujjatlarning asosiy mazmun-mohiyatini beshta asosiy tarkibiy qismga ajratish mumkin:
birinchi tarkibiy qism — bu davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining har bir o‘rinbosari, shuningdek, hududlar hokimlarining o‘rinbosarlari faoliyatining asosiy aniq yo‘nalishlarini iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha kesimida, hududlarni rivojlantirish bo‘yicha har bir muammoli vazifalarning o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda belgilash.
Shu sababli, barcha boshqaruv organlari va hokimliklar tizimida rahbarlarning har bir o‘rinbosarining nafaqat funktsional majburiyatlari, balki ular ishining lavozim reglamentini ishlab chiqish va tasdiqlash zarur.
ikkinchi tarkibiy qism — bu boshqaruv organi rahbarining har bir o‘rinbosarining va hudud hokimi o‘rinbosarining ish natijadorligini baholash imkonini beradigan aniq ko‘rsatkichlar tizimini eksperiment tariqasida joriy qilish. xo‘jalik birlashmalari rahbarlarining 266 nafar o‘rinbosari faoliyatining samaradorligi 2778 ta aniq mezon hamda ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholanadi.
uchinchi tarkibiy qism — bu rahbarlarning har bir o‘rinbosari faoliyatini vazirliklar va respublika idoralarining kollegial organlari majlislarida choraklar va kalendar yil yakunlariga ko‘ra aniqlanadigan quyidagi mezonlar bo‘yicha shaxsan baholash:
70 foizdan kam ta’minlanganda — “qoniqarsiz”,
71 foizdan 90 foizgacha — “qoniqarli”,
91 foizdan 99 foizgacha — “yaxshi”,
100 foiz va undan yuqori bo‘lganda — “a’lo”.
Bundan tashqari, qarorda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, televideniye va radio orqali erishilgan natijalarning samaradorligi to‘g‘risida muntazam ravishda axborot berib borilishini ta’minlash topshirilgan;
to‘rtinchi tarkibiy qism — bu boshqaruv organlari va hududlar hokimlarining birinchi rahbarlari, shuningdek, respublika
Bosh vazirining tegishli o‘rinbosarlari va maslahatchilari tomonidan tatbiq etilayotgan shaxsan baholash amaliyotining doimiy ishlashini amalda monitoring qilishni ta’minlash. Qarorlarda ushbu talabga alohida e’tibor qaratilgan;
beshinchi tarkibiy qism — bu Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida butun monitoring tizimini har chorakda tanqidiy tahlil qilish, Prezident Administratsiyasiga hujjatlar to‘plamini boshqaruv organlari rahbarlarining har bir o‘rinbosari va hududlar hokimlarining o‘rinbosarlari bo‘yicha aniq takliflar bilan birgalikda kiritish.
Qabul qilingan qarorlarda ta’kidlanganidek, endi boshqaruv organlari rahbarlarining har bir o‘rinbosari va hududlar hokimlarining o‘rinbosarlari Vazirlar Mahkamasiga hisobot berish bilan bir qatorda, ularga yuklangan vazifalar, funktsiyalar va vakolatlarning o‘z vaqtida, to‘liq va natijadorlik bilan bajarilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida shaxsan javob beradi.
Oldimizda muayyan tashkiliy va mashaqqatli tahliliy ishlar turibdi. Bunda boshqaruv organlari va hududlar hokimliklarining markaziy apparatlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining apparati alohida o‘rin egallaydi. Birinchi navbatda, bu borada Davlatimiz Rahbarining 2021 yil 10 fevraldagi PF-6166-son Farmonlarida nazarda tutilgan iqtisodiy, moliyaviy, investitsiya va huquqiy ma’lumotlarining fundamental elektron bazasini yaratish haqida so‘z bormoqda.
Ikkinchidan, zudlik bilan hal qilishni talab qiladigan aniq kamchiliklar, qoloqliklar va muammolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zida jamlaydigan ijro intizomining o‘ziga xos integrali hisoblangan “ijro.gov.uz” tizimining to‘liq faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi. Ushbu talablarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 31 maydagi PQ-5132-son qarorlarida alohida e’tibor qaratilgan.
Eng muhimi — boshqaruv apparati va har bir rahbari hamda xodimi boshchilik qilinadigan faoliyat yo‘nalishida “Ishni jamoa bajaradi, mas’uliyat esa shaxsiy!” printsipiga rioya etgan holda, aniq natijalarga erishishga ongli ravishda intilishi zarur desak, adolatli bo‘lsa kerak!
Shu asnoda yurtning munosib sardori boshchiligida yagona komanda bo‘lib ishlash alohida muhim ahamiyat kasb etadi va yuksak qadrlanishi kerak. Albatta, nafaqat ushbu komanda tarkibida bo‘lish, balki Yangi O‘zbekistonni barpo etish va yaratishdagi serqirra ishlarda o‘zining faol ishtirok etishga haqli ekanligini aniq va amaliy natijalar bilan isbotlash ham zarur!
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




