Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2022 yilga shunday ta’rif berdi: “Yakuniga yetayotgan 2022 yil g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘ldi, desam, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi. Ushbu davrda to‘plagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda: taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi”.
Chindan ham, shunday. Sababi, dunyo davlatlari pandemiyaning salbiy ta’sirlarini hali bartaraf etib ulgurmasidan turib, iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, ziddiyatlarga duch keldi. Bu esa iqtisodiyot tarmoqlari, tashqi savdoga jiddiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Shunga qaramasdan O‘zbekiston iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur’atlari saqlanib qolgani diqqatga sazovordir.
Darhaqiqat, asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar buni yaqqol tasdiqlaydi. 2022 yil yakunlari bo‘yicha mamlakatimiz iqtisodiyoti 5,5 foiz o‘sishi kutilyapti. Bundan tashqari, yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshgan bo‘lsa, bir yil ichida jalb etilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 8 milliard dollarga, eksport hajmi 19 milliard dollarga yetkazildi. Bularning bari iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligi ortib, chet ellik hamkorlarning ishonchi kuchayib borayotganini anglatadi.
Islohotlar qat’iy davom ettiriladi
Davlatimiz rahbar olti yo‘nalishdan iborat Murojaatnomada 2023 yilda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarni belgilab berar ekan, qishloq xo‘jaligida islohotlar qat’iy davom ettirilishini ma’lum qildi. Ushbu jarayonda inson qadri va manfaatlarini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida birinchi o‘ringa qo‘yilayotgani, ayniqsa, quvonarlidir.
Bu haqda gap ketganganda, birgina 2022 yilda 100 ming gektar ekin maydonlari aholiga dehqonchilik qilish uchun bo‘lib berilganini alohida ta’kidlash joiz. Natijada qishloqlarda 400 mingta yangi dehqon xo‘jaligi tashkil qilinib, 1 million 200 mingdan ziyod kishining bandligi ta’minlandi. Eng asosiysi, 1,5 million tonna qo‘shimcha oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirilib, bozorlarimizda arzonchilik, dasturxonimizda to‘kinlik bo‘lishiga zamin yaratildi.
Erishilayotgan shu kabi natijalar samarasi o‘laroq, mazkur yo‘nalishdagi ishlar 2023 yilda ham davom ettirilib, suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan 100 ming gektar qo‘shimcha ekin maydonlarini aholiga ajratilish kutilmoqda. Buning hisobidan qariyb 350 mingta yangi dehqon xo‘jaligi tashkil etiladi.
Prezidentimiz qishloq xo‘jaligida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar haqida to‘xtalib, paxtachilikdagi yuksak muvaffaqiyatlar klaster tizimi asosida joriy etilgan yangi iqtisodiy rivojlanish drayveri tufayli ekanligini alohida e’tirof etdi. “Mana, paxta bilan davlat idoralari shug‘ullanmayapti. Kim shug‘ullanyapti? Manfaatdor shug‘ullanyapti, albatta. Bunga birinchi qadamlarni quydik Klaster tizimini yutuq tomonlariyam bor, kamchiliklariyam bor. Uni har yili to‘g‘rilab boramiz. Kelasi yillari faqat paxtachilikda qayta ishlashdan 7 milliard eksportga chiqishimiz kerak”, dedi davlatimiz rahbari.
Chindan ham, dehqonchilik uchun noqulay kelgan 2022 yilda paxta yetishtirish oson kechgani yo‘q. Ayniqsa, g‘o‘za ayni hosil to‘playdigan pallada haroratning keskin ko‘tarilib ketishi, suv taqchilligi kabi tabiiy-ekologik omillar yurtimiz paxtakorlari irodasini yana bir karra sinovdan o‘tkazdi.
Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 134 ta paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan g‘o‘zaning har bir hudud tuproq-iqlim sharoitiga mos bo‘lgan, ekstremal sharoitlar va kasalliklarga chidamli navlari joylashtirilgani, ekin parvarishida yuqori agrotexnologiyalar hamda intensiv usullar qo‘llanilgani tufayli barakali hosil yaratildi. Pirovardida joriy yilda 3 million 509 ming tonna paxta xom ashyosi yig‘ib-terib olindi. Shu jumladan, “oq oltin”ning 727,9 ming tonnasi paxta-to‘qimachilik klasterlarining o‘zlariga biriktilgan 174 970 gektardan, 2 781,8 ming tonnasi esa 29 970 ta fermer xo‘jaligi bilan fyuchers shartnomasi asosida 859 253 gektar maydondan yig‘ib-terib olindi.
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy: paxta maydonlari yil sayin qisqartirilayotgan bir sharoitda yalpi hosil miqdori nima evaziga oshmoqda?
Albatta, yuqori hosildorlik tufayli mo‘l va yuqori sifatli hosil olinmoqda. Chunki klaster tizimi joriy etilgach, paxta hosildorligi tobora ko‘tarilib bormoqda. Misol uchun, 2017 yili, ya’ni fermer xo‘jaligi tizimida davrida o‘rtacha hosildorlik gektariga 22,1 tsentnerni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich klaster tizimi asosida ishni yangicha tashkil etish natijasida 2020 yilda 30,2 tsentner, 2022 yilda esa 34,0 tsentnerga yetkazildi.
Qo‘shilgan qiymat zanjiri uchun 1 milliard dollar
Aytish joizki, bunday natijalarga o‘z-o‘zidan erishilayotgani yo‘q. Paxtachilikda bozor tamoyillariga asoslangan ishlab chiqarishning zamonaviy shakli — klaster tizimi yo‘lga qo‘yilgani sohadagi yutuqlarning bosh omili bo‘lmoqda. Negaki, klasterlar tomonidan paxta yetishtirish ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalar asosida tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mavjud yer va suv resurslaridan samarali foydalanish payidan bo‘linib, amaliyotga resurs tejamkor texnologiyalar tatbiq qilinyapti, mashina-traktor parklari yuqori unumli texnikalar bilan to‘ldirilmoqda.
Klasterlarning sa’y-harakatlari bilan foydalanishdan chiqqan 480 ming gektar maydon qayta o‘zlashtirilgani, davlat-xususiy sheriklik asosida 95 ming kilometrlik ochiq kollektor-drenaj tarmoqlarini ta’mirlash va tozalash ishlari bajarilgani, oxirgi uch yilda qiymati 4,6 trillion so‘mlik 22,0 mingta qishloq xo‘jaligi texnikalari xarid qilinib, paxtachilikda texnikalar bilan ta’minlanish darajasi 78 foizdan 92 foizga yetkazilgani so‘zimiz tasdig‘idir.
Shubhasiz, klasterlashtirish tufayli qo‘lga kiritilgan eng katta yutuq sohada qo‘shimcha qiymat zanjiri yaratilganidir. Binobarin, ushbu usul samarasi o‘laroq, qishloq xo‘jaligi sanoatlashdi, chekka hududlarda paxta tolasini chuqur qayta ishlaydigan qudratli fabrikalar bunyod etildi. Quvonarlisi, bu boradagi ishlar ko‘lami yil sayin kengayib borayotir. “Paxta xom ashyosidan — tayyor mahsulotgacha” bo‘lgan sanoat zanjirini yaratish bo‘yicha umumiy qiymati 2 milliard dollarlik 125 ta yangi ishlab chiqarish quvvati tashkil qilingani, ularda 150 ming ta doimiy yangi ish o‘rinlari yaratilgani ko‘p narsani anglatadi, albatta.
Paxtachilik sohada yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish loyihalari ko‘lami tobora kengayib boraveradi. Murojaatnomada aytilganidek, 2023 yilda ushbu maqsadlar uchun 1 milliard dollar ajratiladi.
Tola eksportidan importiga o‘tildi

Bugungi kunda dunyoning 85 ta mamlakatida umumiy hisobda 32-34 million gektar yerda paxta yetishtiriladi. Ekin yerlarining hajmi bo‘yicha Hindiston (13,5 mln. ga,) AQSh (3,9 mln. ga), Xitoy (3,1 mln. ga), Pokiston (2,5 mln. ga) va Braziliya (1,1 mln. ga) dastlabki beshlikni band etib turibdi. O‘zbekiston ham paxta yetishtirish, qayta ishlash va eksport bobida ana shu yetakchilar safida e’tirof etiladi. Biroq islohotlarning yangi bosqichida agrar soha, hususan, uning paxtachilik tarmog‘ida siyosat o‘zgarib, oldimizga yangi marra va maqsadlar qo‘yildi. Bu chetga xom ashyo emas, balki tayyor mahsulot chiqaruvchi davlatga aylanishdir.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekistonning bu boradagi yangi imiji shakllanmoqda. Sababi, yaqin-yaqingacha xom ashyo eksporti bilan cheklanib qolgan mamlakatimiz bugungi kunda paxta tolasini import qilishni boshladi. “Bir narsani bilasizlarmi-yo‘qmi, biz tolaniyam import qilayapmiz. Nimaga desangiz, ishlab chiqarish korxonalarimiz ko‘paydi. Klasterlar o‘zlari olib kelayapti. Qandini ursin”, — dedi Prezidentimiz bu galgi Murojaatnomasida.
Darhaqiqat, klasterlashtirish sharofati bilan yurtimizda gigant to‘qimachilik sanoati vujudga kelmoqda. Jahon to‘qimachilik sohasi taraqqiyoti tizgini O‘zbekiston qo‘liga o‘tyapti. Buni tasavvur qilish uchun ishlab chiqarish hajmi 2016 yildagiga nisbatan 5 barobarga oshib, eksport esa 4 barobarga o‘sganini keltirish kifoya, nazarimizda. Boshqacha qilib aytganda, klasterlarda qayta ishlash quvvatlari 1 million 300 ming tonnaga yetdi. Lekin 1 million tonna tola ishlab chiqarilmoqda. Bu hozirning o‘zida 300 ming tonna tola yetishmasligini anglatadi. Kelgusi besh yilda bu ehtiyoj yana 600 ming tonnaga oshishi prognoz qilinayotir.
Shu bois O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi tashabbusi bilan xorijning ilg‘or tajribalari o‘rganilib, eng maqbullari amaliyotga tatbiq qilinyapti. Ya’ni nafaqat paxta-to‘qimachilik sohasiga chet elning zamonaviy texnikalari hamda dastgohlari qo‘llanilyapti, balki bilim va innovatsiyalar, tajriba va tashabbuslar ham investitsiya qilinayotir. Masalan, 2022 yilda uyushma tizimida o‘nlab klasterlar AQSh, Turkiya, Xitoy davlatlarida bo‘lib, o‘zaro tajriba almashib qaytdilar.
Ilm va innovatsiya asosida
Sir emas, global ekologik muammolar, ayniqsa, iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirlari Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, mamlakatimizda yaqqol sezilmoqda. Yumshoq qilib aytganda, so‘nggi 3 yilda qurg‘oqchilikni boshdan kechirdik. Prognozlarga qaraganda, bu hol kelgusida ham takrorlanishi mumkin.
Tahlillarning ko‘rsatishicha, so‘nggi 15 yilda yog‘ingarchilik 25 foizga qisqargan. Yozda o‘ta issiq kunlar davomiyligi ortgani oldimizda hali katta sinovlar borligidan nishonadir. Buning ta’sirini faqat ilm va innovatsiyaga tayanib yumshatish mumkin. Ya’ni intensiv agrotexnologiyalarni, sug‘orishning tejamkor usullarini ommalashtirish fursati yetdi. Shuning uchun dehqonchilikda suv sarfini kamaytiradigan, namlikni uzoq ushlab turadigan yechimlar taklif etilyapti. Paxtachilik uchun tomchilatib sug‘orish ular orasidan eng maqbuli bo‘lib turibdi. Pirovardida paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 2022 yilda 230 ming gektar paxta maydonlarida ushbu usul joriy etildi.

Suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llayotganlarga davlat tomonidan subsidiya va qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etilyapti. Bu esa qishloq xo‘jaligi korxonalarini yangi usulni tatbiq qilishga rag‘batlantirmoqda. 2023 yilda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaytirilishi kutilayotir. Ayni paytda tomchilatib sug‘orishni joriy qiladigan klasterlarning taklif va loyihalari umumlashtirilmoqda.
Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqqan 90 ming gektar yer maydonlari qayta o‘zlashtirilishi, 200 ming gektar maydon lazerli tekislanishi hamda 300 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilishi hisobiga 2 milliard metr kub suv iqtisod qilinishi kutilayotir.
Sohaning huquqiy asosi bo‘ladigan «Klasterlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, qabul qilinishi esa shu kabi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishi, shubhasiz.
Dastlabki marra 5 milliard dollar
Eksport — har qanday davlat iqtisodiyoti uchun bamisoli oyna. Uning tashqi bozorda nechog‘lik raqobatbardosh ekanligini belgilab beruvchi barometr hamdir. Shu mezon bilan o‘lchaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston iqtisodiyotida sifat o‘zgarishlari kuztilyapti, deb bemalol ayta olamiz. Mana, isboti. Eksport hajmi oxirgi 5 yilda 5 milliard dollarga oshib, 19 milliard dollarga yetdi. Global inqiroz hali chekinmagan bugungi murakkab sharoitda shunday natijaga erishilgani tahsinga loyiq.
Bu hali chegara emas. Chunki mavjud ichki imkoniyat va salohiyatimiz eksportni karrasiga oshirish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun rejalar baland olinmoqda.
Gap shundaki, Prezidentimiz parlament va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida 2023 yilda tayyor mahsulotlar eksportini qo‘shimcha 4 milliard dollarga, eksportning umumiy hajmini esa ilk bor 23 milliard dollardan oshirish vazifasini qo‘ydi. Shu maqsadga erishish yo‘lida eksport qiluvchilarga transport va boshqa xarajatlarini kompensatsiya qilish davom ettirilsa, mahsulotlar eksporti bo‘yicha hozirgi 9 ta bosqichdan iborat bojxona rasmiylashtiruvi 3 barobar qisqaradi.
Shu bilan birga, Yevropa bozorlariga to‘qimachilik, elektr texnikasi, charm-poyabzal va boshqa tayyor mahsulotlar eksportini kamida 2 barobar oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Darhaqiqat, eksport salohiyatimiz yuksalishida paxta-to‘qimachilik klasterlari drayverga aylanadi. Negaki, davlatimiz rahbari to‘qimachilik mahsulotlari eksportini dastlabki bosqichda 5 milliardga, 2026 yilgacha esa 7 milliardga yetkazish vazifasini qo‘ydi.
Yurtimizda faoliyat yuritayotgan klasterlar va ularning ishlab chiqarish salohiyati buni bemalol uddalash mumkinligini ko‘rsatmoqda. Ya’ni 2022 yil yakunlari bo‘yicha eksport 3,2 milliard dollarga yetkazilmoqda. 2023 yilda esa ushbu raqamni keskin oshirish chora-tadbirlari hozirdanoq pishiq-puxta ko‘rilyapti. Ya’ni klasterlar tomonidan 225,6 million dollar investitsiyalar jalb etilishi, 331 ta yirik loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida 32,1 mingta yangi ish joylari yaratilishi, eksport hajmi 5 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.
Sirtdan qaraganda, bu ayrimlar uchun balandparvoz gapdek tuyulishi mumkin. Ammo shu soha ichida yurganlar yaxshi bilishadiki, jahon to‘qimachilik bozori O‘zbekiston tomon og‘a boshladi. Buni anglagan yirik xalqaro brendlar allaqachon yurtimiz klasterlari bilan hamkorlik aloqalarini bog‘lashmoqda. Zotan, paxta xom ashyosini yetishtirish va hosilni yig‘ib olishda majburiy mehnatga barham berilgach, O‘zbekiston GSP+ toifasiga ega davlatlar ro‘yxatiga kiritildi. Bu klasterlar tomonidan yetishtirilgan paxta xom ashyosidan tayyorlangan to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozorlariga boj to‘lovlarisiz sotish imkoniyati yaratildi, deganidir.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, biz o‘tgan davrda katta bilim va tajriba to‘pladik. Eng muhimi, o‘z kuch va imkoniyatlarimizga bo‘lgan ishonchimiz tobora ortib bormoqda.
Bu esa barqaror taraqqiyot va muvaffaqiyatlarga mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Sa’dulla TOJIYEV,
O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari
uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari,
iqtisod fanlari nomzodi
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




