To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish va yanada rivojlantirishda sohada milliy kadrlar tayyorlash masalasi muhim ahamiyatga ega. Bu borada muayyan ishlar olib borilyapti, jumladan, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlari grantlarini jalb qilgan holda bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bunga Kor-Uz to‘qimachilik texnoparki yaqqol misol bo‘la oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2019 yil 6 sentyabrdagi PF-5812-son Farmoniga muvofiq Jarqo‘rg‘on to‘qimachilik kolleji, Qarshi tumani yengil sanoat kolleji, Xiva yengil sanoat kolleji va Olmazor yengil sanoat kollejlari «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tizimiga o‘tkazilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad korxonalar talablaridan kelib chiqib tor doiradagi kadrlarni korxonalarga tez fursatlarda tayyorlab berishdan iborat.
23 iyul kuni «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tarkibidagi kollejlar direktorlari ishtirokida videokonferentsiya bo‘lib o‘tdi.
Konferentsiya davomida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan Oliy ta’lim tizimi va professional ta’lim tizimini rivojlantirishda qo‘shayotgan hissasi va 2020/2021 o‘quv yilligi tayyorgarlik ishlari bajarilishi bo‘yicha hisobotlar tinglandi.
Uyushma tarkibidagi kollejlar rahbarlari, shuningdek sohada mehnat qilayotgan mutaxassislar bilan birgalikda to‘qimachilik sanoati sohasidagi kasblar bo‘yicha Tarmoq kvalifikatsion ramkasi va Professional standartlar hamda kasblar bo‘yicha ta’lim standarti, malaka talabi, o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqilib tegishli vazirlik va idoralarga tasdiqlash uchun yuborildi.
Ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonining tashkil etilishi, 2020-2021 o‘quv yili uchun o‘quvchilarni jalb qilish borasida olib borilayotgan ishlar hamda rahbarlarning ish vazifalariga bo‘lgan mas’uliyati, amaliyot ustaxonalarini jihozlash va mavjudlaridan foydalanib ishlab chiqarishni tashkil etish, dars jarayoniga maxsus va umumkasbiy fanlar bo‘yicha pedagoglar hamda ishlab chiqarish ta’limi ustalarining tayyorgarlik holati bo‘yicha bir qator ishlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.
2020-2021 o‘quv yilida kuz-qish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari va bugungi kundagi holati bo‘yicha tegishli «yo‘l xaritalar» ishlab chiqarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




