«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasida «Mahsulot sertifikatsiyasi va eksportini oshirish» mavzusida seminar va brifing bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki Prezidentimiz tomonidan to‘qimachilik sanoati respublika iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biri etib belgilangan. Bunga sohada so‘ngi yillarda erishilgan yutuqlar, sanoat korxonalarini tubdan isloh qilinishi, ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatgichlarining o‘sish suratlari oshishi, respublikaning barcha hududlarida to‘qimachilik va tikuv trikotaj korxonalarining tashkil etilishi va shu hududlarda aholi bandligini, xususan, xotin qizlar bandligini ta’minlanishi sabab bo‘ldi.
Xususan 2017-2020 yillarda sohada umumiy qiymati 2,1 mlrd.dollarlik jami 255 ta yangi loyiha amalga oshirilgan. Bu o‘z o‘rnida mahsulot eksporti qo‘shimcha 913 million dollarga oshishiga va 50 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishiga olib keldi. Hozirda mahsulot eksporti 2,1 mlrd.dollarga yetkazilib, jami 70 dan ortiq mamlakatlarga eksport qilinmoqda. 3,2 mlrd.dollarlan ortiq xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi va 360 mingdan ortiq xodimlar 7000 dan ortiq korxonalarda faoliyatini davom ettirmoqda.
2020 yilda dunyoda mavjud pandemiya bilan bog‘liq vaziyatga qaramay Mahsulotlar 60 dan ortiq mamlakatlarga 1 200 dan ortiq korxonalar tomonidan 1,9 mlrd.dollarlik eksport amalga oshirildi.
Mahsulotlar kesimida qo‘shimcha va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksporti 50,2 foizni tashkil etdi. Frantsiya, Avstriya, Kuvayt, Vengriya, Filippin, Lyuksemburg va Gretsiya kabi yangi bozorlar zabt etilib, Yevropa Ittifoqi kabi mamlakatlarga ham eksport amalga oshirildi. Ayniqsa ushbu mamlakatlarga tibbiy mahsulotlar yetkazib berish keng yo‘lga qo‘yildi.
Hozirda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan sohani jadal rivojlantirishga qaratilgan bir qator ishlar olib borilmoqda. O‘tgan davr mobaynida xorijiy hamkorlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 100 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlar investitsiya, eksport, ta’lim, mahsulot dizayni, marketing, brending masalalariga bag‘ishlandi.
Ma’lumki 2020 yilning noyabr oyida Yevrokomissiya GSP + preferentsiyalar tizimini O‘zbekistondan Yevroittifoq bozoriga kirib kelayotgan mahsulotlarga tatbiq qilinishi bo‘yicha arizani ma’qulladi va shu yil ushbu preferentsiyalar taqdim etilishi kutilmoqda. Tabiiyki, GSP+ qo‘llanilgandan so‘ng to‘qimachilik mahsulotlarining tashqi bozorda raqobatbardoshligi oshishi va to‘qimachilik sanoatiga investitsiyalar oqimi kuchayishi, yangi buyurtmalar ko‘payishiga olib keladi. Shu o‘rinda to‘qimachilik mahsulotlari tashqi bozorda mavjud raqobatga qanchalik tayyor degan savol tug‘iladi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan avvalo mahsulotlarni sifatini oshirish, xorijiy bozorlarda to‘qimachilik mahsulotlariga qo‘yiladigan talablardan kelib chiqqan holda sertifikatsiyadan o‘tkazish, milliy kiyim brendlarini tashqi bozorlarga olib chiqish va tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish, o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari nufuzini oshirishga qaratilgan bir qator ishlar olib bormoqda.
1 mart kuni UZ-KOR TEXTILE TECHNOPARKda tashkil etilgan tadbirda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, «O‘zstandart» agentligi, Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mutasaddilari, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, xalqaro sertifikatsiya kompaniyalari vakillari va to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari mas’ul xodimlari qatnashishdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – xalqaro standartlar va sertifikatsiyalarni to‘qimachilik korxonalarida joriy qilish va shu bilan birgalikda mahsulotni tashqi bozorlarda raqobatbardoshligi oshirishdan iborat bo‘ldi.
Bunda so‘z olgan “«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi I.Xaydarov standartlarning to‘qimachilik sanoatining keyingi rivoji uchun ahamiyati va zarurati to‘g‘risida so‘zladi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugungi kunda to‘qimachilik sanoati korxonalari respublikada xalqaro standartlarni joriy qilishda yetakchilik qiladi va 1300ga yaqin korxonalarda turli xil xorijiy standartlar joriy qilingan.
Bu ko‘rsatgich 2019 yilda 1086 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda 1296ta, 2022 yilda 1400, 2020 yilda 1650 tani tashkil etishi maqsad qilingan.
Hozirda uyushmaga a’zo korxonalarining 1100 tasida ISO 9001:2015, 45 – OEKOTEX, 12 – BSCI, 6 – GOTS, 7-SEDEX xalqaro standartlar va sertifikatlar joriy qilingan.
Eng katta yutuq sifatida Shveytsariyaning SGS xalqaro sertifikatsiya kompaniyasi tomonidan «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi ham ISO 9001:2015 xalqaro standartlari joriy qilinib tadbir davomida uyushma rahbariyatiga maxsus Sertifikat tantanali ravishda topshirildi.
Bundan tashqari, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi qoshida «Tekstil standart serviz» tashkiloti tuzildi. Ushbu tashkilot to‘qimachilik va tikuv trikotaj korxonalarida xalqaro standartlarni joriy qilish va mahsulotlarni sertifikatsiyalash bilan bog‘liq barcha ishlarda tadbirkorlarga ko‘maklashadi.
Tadbir davomida korxona vakillari uchun OEKOTEX xalqaro standartini joriy qilish yuzasidan Germaniyaning Hohenstein kompaniyasining O‘zbekistondagi vakillari tomonidan amaliy seminar tashkil etildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT












