2022 yil 15 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi hamkorligida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini tayyorlash hamda mavzuga oid boshqa jarayonlar tafsiloti bilan OAV vakillarini tanishtirish maqsadida Namangan viloyatining qator tumanlariga press-tur tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022 yil 19 maydagi 271-son qaroriga binoan joriy o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun yagona maktab formasini to‘liq joriy etish belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunga qadar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda maktab formalariga bo‘lgan aholi ehtiyojlari o‘rganib chiqildi. Natijada 2022-2023 o‘quv yilida hududlar kesimida davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi 6 mln. 620 ming o‘quvchilar uchun maktab formasiga bo‘lgan ehtiyoj mavjudligi aniqlandi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ushbu aniqlangan ko‘rsatkichlar doirasida maktab formalarini tayyorlash jarayonlari olib borilmoqda. Bunda eng avvalo, Uyushma tomonidan respublikamizdagi mavjud to‘qimachilik korxonalarining salohiyati va imkoniyatlari o‘rganib chiqildi hamda
500 dan ortiq turli ish hajmiga ega ishlab chiqarish korxonalari tanlab olindi. Ayni vaqtda mazkur tikuv korxonalarida maktab formalarini tayyorlash ishlari belgilangan tartib va standartlar asosida olib borilmoqda.
Press-tur tadbirlari davomida OAV vakillari va blogerlar Namangan shahridagi “Dashtbog‘” kichik sanoat zonasi hududida joylashgan bir nechta to‘qimachilik korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Xususan, maktab formalarining belgilangan standartlar asosida tayyorlanishi, matolar sifati, bichimi, rangi, tikilish uslublari, maktab formalarining turli yosh, bo‘y va vaznga ega o‘quvchilarga mosligi xususida ishtirokchilarga jonli misollar yordamida zarur ma’lumotlar berib o‘tildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi hamda tegishli boshqa tashkilotlar tomonidan maktab formasining belgilangan standartlarga, sanitariya qoidalari normalari va gigiyena normativlariga muvofiqligi, sifatli to‘qimachilik mahsulotlaridan tayyorlanishi bo‘yicha doimiy nazorat o‘rnatilgan.
Press tur davomida aholining ehtiyojmand qatlam vakillari farzandlarini maktab formalari bilan ta’minlash bo‘yicha jurnalistlar tomonidan bildirilgan savollarga atroflicha javob berib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, ayni vaqtda mazkur toifa farzandlarini maktab formalari bilan ta’minlash hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida hududiy hokimliklar tomonidan qator muhim choralar olib borilmoqda.
2022-2023 o‘quv yilida mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 400 000 dan ortiq ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun maktab formasini sotib olinishiga ko‘maklashish rejalashtirilgan.
Aytib o‘tilganidek, 2022 yil 10 avgustdan boshlab tuman va shahar markazlaridagi aholiga qulay joylar hamda maktab yarmarkalarida maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning savdo shoxobchalari tashkil etiladi hamda maktab formalari savdosi tashkil etiladi.
Tadbirda yagona maktab formasining joriy qilinishi o‘quvchilar o‘rtasida ijtimoiy tenglikni mustahkamlash bilan birgalikda, sifatli ta’lim-tarbiya olishga ham xizmat qilinishi qayd etildi.
Press-tur tadbirlari davomida ishtirokchilar tomonidan maktab formasiga doir berilgan turli savollarga mutasaddi tashkilotlar vakillari tomonidan atroflicha ma’lumot berib o‘tildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




