Farg‘ona viloyatida 12 ta paxtachilik-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 82 mingdan ortiq maydondagi g‘o‘za parvarishi qizg‘in olib borilmoqda.
Ayni kunlarda qiyg‘os ochilayotgan paxta dalalari joriy yilgi hosil barakasidan darak bermoqda. Farg‘ona paxtachiligi yutuqlari bardavom bo‘lishi uchun paxta-to‘qimachilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari tomonidan belgilangan agrotexnik yumushlar sifatli bajarilyapti.

Rishton tumanida joriy yilda “Rus-Uzbek teks” paxta-to‘qimachilik klasteri bilan shartnoma asosida 217 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 5 ming 950 gektar yerda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Keyingi uch yilda respublikada birinchilardan bo‘lib shartnoma rejasini bajarayotgan rishtonlik fermerlar joriy yilda har gektar yerdan o‘rtacha 40 tsentner hosil olib, 24 ming tonnadan ziyod paxta xom-
ashyosi yetishtirishni maqsad qilishgan.

— Bu yil 49 gektar yerda “S-8290” navli g‘o‘za parvarishlab, har gektar yerdan 45 tsentnerdan hosil olishni rejalashtirganmiz, — deydi Rishton tumanidagi “Hosil siri” fermer xo‘jaligi rahbari Boburjon Sodiqjonov. – Hosilning ilk nishonalari bo‘y ko‘rsatib, astoydil qilingan mehnat o‘z samarasini bermoqda.
Ta’kidlash o‘rinliki, shu kunlarda paxta dalalari uchinchi marotaba «sharbat» usulida qondirib sug‘orilyapti, kultivatsiya o‘tkazilyapti. Agrotexnik tadbirlar davomida uch marotaba mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan ishlov berildi. Hozirgi kunda paxta maydonlarida defoliatsiya o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilyapti.
M. Sulaymonov, O‘zA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




