O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash komissiyasi tashabbusiga binoan «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik markazi, Yosh dizaynerlar Kengashi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 2021 yilning 14-16 yanvar kunlari Xiva shahrida aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kiyinish madaniyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan «Nafosat» festivali o‘tkazilmoqda.
Xususan, ijtimoiy hayotda ayollarning o‘rni ortib borgan sari ularning kiyinishiga, tashqi ko‘rinishiga e’tibor ham asosiy o‘ringa chiqishi alohida ta’kidlanib, bugungi kunda xotin-qizlar o‘rtasida milliy va zamonaviy ruhdagi, mentalitetimizga mos ravishdagi kiyimlar andozasini muntazam ravishda targ‘ib qilib borishni davrning o‘zi taqozo etayotgani aytib o‘tildi. Qolaversa, bugungi kunda katta dolzarblik kasb etayotgan ayollar liboslariga milliy qadriyatlarimiz asosida zamonaviy moda yo‘nalishlarini singdirish, bunda vijdon va e’tiqod erkinligiga qat’iy amal qilgan holda o‘zbek milliy moda yo‘nalishini shakllantirish mazkur festivalning keng miqyosda tashkil etish zaruratini nazarda tutgan.
Tadbirning birinchi kunida esa festival ishtirokchilarni Shovot tumanida joylashgan «Shovot tekstil» , «Uz TEKS» MCHJ yetakchi ishlab chiqarish korxonasiga tashrif buyurishdi. 70 nafar yoshlarimiz korxona faoliyati bilan yaqindan tanishib, ishlab chiqarish jarayonidagi qulayliklar, bilan yaqindan tanishtirildi.
Shuningdek, festival doirasida «Ayollar va yoshlar orasida kiyinish madaniyati» mavzusida seminar-trening o‘tkazilib, unda bir qator mahalliy va chet ellik mutaxassislar, ilg‘or dizaynerlar «Moda va an’analar» va «Yetakchi mutaxassislar va o‘zbek dizaynerlari tomonidan zamonaviy o‘zbek ayolining imiji» kabi bir qancha dolzarb mavzular yuzasidan o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT












