«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasining To‘qimachilik sanoati xalqaro federatsiyasiga (ITMF) a’zo bo‘lishi O‘zbekiston to‘qimachilik sohasiga bu tashkilotga qariyb 10 yillik a’zolik davrida katta muvaffaqiyatlarga erishishga imkon berdi. Shu xususda jurnalimizga intervyu chog‘ida ITMF Bosh direktori Kristian SHINDLER so‘z yuritadi.
– «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi 2014 yildan buyon ITMF a’zosi hisoblanadi. 2024 yil ham yaqinlashib qoldi. Fikringizcha, ITMF ga a’zolikning shu davrida milliy to‘qimachilik sanoatida O‘zbekistonni Markaziy Osiyo to‘qimachilik sohasi yetakchisiga aylantirgan qanday tub o‘zgarishlar yuz berdi?
– O‘zbekiston to‘qimachilik ishlab chiqarish-sotish zanjiri bilan yuz bergan o‘zgarishlar ulkan. O‘zbekiston juda qisqa vaqt ichida barcha yetishtirilayotgan paxta xomashyosi eksportchisidan endilikda deyarli barcha paxtasidan foydalanadigan mamlakatga aylandi. Kelgusida O‘zbekiston paxta import qiluvchi mamlakatga aylansa ajab emas.
– Keyingi yil ITMF tashkil topganining 120 yilligi nishonlanadi, O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati esa tarmoq sifatida bir asrlik bo‘sag‘adan o‘tdi. Bu sanoat bugungi global strategiya, mezon va standartlarga qay darajada mos keladi?
– Ha, 2024 yilda ITMF ning 120 yillik yubileyi o‘tadi. Aytish joizki, ITMF 1904 yilda tashkil topgandan buyon jahon to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati tub o‘zgarishlarning murakkab yo‘lini bosib o‘tdi. Federatsiyaga asos solingan vaqtda paxta asosiy tola hisoblangan. 1930-yillarda sun’iy tolalar, ayniqsa, poliester paydo bo‘lgach, jahon to‘qimachilik sanoati ham ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari, ham hajmlari bo‘yicha kengaydi. Hozirga kelib poliester, ayniqsa, poliefir ip katta shuhrat qozondi. Shunga qaramay, kalta paxta tolalarni olishda paxta eng muhim xomashyoligicha qolmoqda. O‘zbekiston to‘qimachilik ishlab chiqarish-sotish zanjiri yordamida asosan paxta asosida tayyorlangan mahsulotlar yetkazib berilmoqda. Butun dunyo bo‘ylab mijozlarga mahsulotning yanada keng turlarini taklif etish maqsadida O‘zbekiston to‘qimachilik ishlab chiqarish-sotish zanjiri yangi uskunalar va jarayonlarga investitsiya kiritmoqda. Bugunning o‘zida o‘zbek to‘qimachilik sanoati unga butun dunyodagi brend va chakana sotuvchilarga mahsulot yetkazib berishga imkon yaratgan eng yuqori mezon va standartlarga mos kelmoqda.
O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining vazifasi – o‘z imkoniyatlari va salohiyatini oshirish, hamkorlar va buyurtmachilar ishonchini qozonish, barqaror iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishishdir.
– So‘nggi besh yilda O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati yaxshi tarafga sezilarli o‘zgardi. ILO, UNECE, IFC, BCI, Jahon banki kabi ko‘plab nomdor xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda faol siyosat yuritishga kirishganini kuzatib turibmiz. O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari bilan yuz bergan bu o‘zgarishlar xalqaro bozorda qanday qabul qilinmoqda, ularning to‘qimachilik mahsulotlari xalqaro savdosiga ta’siri qanday?
– Juda qisqa vaqt ichida O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati xalqaro miqyosda raqobatbardosh ishlab chiqaruvchi va maqbul yetkazib beruvchiga aylandi. Bu ishlar nufuzli xalqaro hukumat tashkilotlari bilan hamkorlik tufayli amalga oshdi. Endi O‘zbekiston e’tirof etilgan yetkazib beruvchi bo‘lib, o‘z to‘qimachilik mahsulotlarini butun dunyodagi xaridorlarga, ayniqsa, xalqaro brend va riteylerlarga yetkazib berishi mumkin. Shunday taqdim etilgan sharoitlar va hamkorliksiz muvaffaqiyatga erishib bo‘lmasdi.
– O‘zbekiston to‘qimachilik tarmog‘i global mahsulotlar yetkazib berish zanjiriga qo‘shilib, mustahkam o‘rin egallashi uchun qanday vazifalarni hal etish kerak?
– O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining asosiy vazifalari – mahsulot turlarini diversifikatsiya qilishdir. Bu esa sun’iy tolalarni kiritish hisobiga tolalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni anglatadi. Aralash matolar yaxshiroq xususiyatlar va funktsional imkoniyatlarga ega, binobarin, narxga katta ustamaga ega. Yana bir muammo yangi mijozlarni jalb etish va yangi bozorlarni o‘zlashtirishdan iborat. Jahon to‘qimachilik va kiyim-kechak bozori yaqin yillarda o‘sib boraveradi, bu esa dunyo aholisi ko‘payishi va aholi jon boshiga daromad o‘sishi bilan bog‘liq. Bu esa O‘zbekiston kabi mamlakatlarga to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha global zanjirlarning ajralmas qismiga aylanish uchun ko‘plab imkoniyatlar taqdim etadi.
– Fikringizcha, O‘zbekistonning yetakchi to‘qimachilik mamlakatlaridan biri sifatida rivojlanishining kelgusi jarayonlari qanday kechadi?
– O‘zbekiston jahon to‘qimachilik sanoatida muhim ishtirokchiga aylanish uchun barcha zarur sharoitlarga ega. Maqsad – O‘zbekistonni xalqaro brend va riteylerlar talabini qanoatlantiradigan sifatli to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib beruvchisiga aylantirish, mahsulotlarni tez yetkazib berishni, qayta tiklanuvchi, ekologik toza energiya iste’moliga ega barqaror ishlab chiqarishni ta’minlash, bunda qayta ishlangan tolalardan foydalanishdir. Yana boshqa ko‘plab vazifalar ham borki, ularni barcha manfaatdor taraflar bilan yaqin hamkorlik orqaligina hal etish mumkin.
– Qiziqarli suhbatingiz uchun rahmat.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




