Hurmatli to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati xodimlari
Aziz yurtdoshlar!
Bugun men yuragimda ulkan bir faxr bilan barchangizga murojaat qilib O‘zbekiston Respublikasi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj xodimlari kuni bilan «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi nomidan samimiy qutlamoqchiman!
Bu kunlar barchamiz uchun uzoq kutilgan asriy orzuning ushalishi – o‘zbek milliy to‘qimachilik sanoatining mukammal tizim sifatida shakllanishi va dunyo miqyosida tan olinishi bilan esda qolarlidir.
Ko‘p yillar mobaynida faqat paxta tolasini yetishtirish va uni birlamchi qayta ishlashga yo‘naltirilgan to‘qimachilik sanoati, bugungi kunga kelib mukammal qo‘shilgan qiymat zanjirli tizimni yarata oldi. Bugun o‘zbek paxtasi 100 % respublika ichida qayta ishlanishiga erishildi. Bu sanoatdagi eng yirik inqilobdir.
Sanoat mustaqil O‘zbekistonimizning iqtisodiyotini rivojlantirishda yetakchi barqaror sanoati sifatida belgilandi va jahon bozoriga «Made in Uzbekistan” yorlig‘i ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlar yetkazib berish va mamlakat nufuzini oshirishga ulkan hissa qo‘shdi. Mavjud siyosiy to‘siqlarga qaramay respublikamizning chekka hududlarida zahmatkash xalqimiz tomonidan ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlari dunyoning deyarli barcha qit’alariga yetkazib berilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, to‘qimachilik sanoati muhtaram Prezidentimiz tomonidan mamlakat iqtisodiyotining rivojlantirish tamoyillariga to‘liq javob berib, aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, kichik biznesni rivojlantirish, hududlarga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, aholining real daromadini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda yetakchi hisoblanib, hozirda tarmoq korxonalari soni 8 mingga yaqinlashib 350 mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlandi, 3.2 mlrd.dollardan ortiq xorijiy sarmoyalar o‘zlashtirildi.
Sohaning yana bir yutuqlaridan biri, bu paxta-to‘qimachilik klaster tizimini joriy qilinishi bo‘lib,shakllanishi jihatidan dunyoda yagona bo‘lib, barcha xalqaro tashkilotlar tomonidan Yangi O‘zbekistonni shakllanishidagi eng katta burilish sifatida baholandi.
Bu natijalarga erishishda eng avvalo Hukumat tomonidan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatiga qaratilayotgan ulkan e’tibor, va albatta Siz, aziz to‘qimachilik sanoati vakillari va tadbirkorlarning mehnati samarasidir.
Sizlarning betinim izlanishlaringiz, yangilik yaratishga intilishingiz, yaratilgan shart-sharoitlardan oqilona foydalanib, oldingizga qo‘yilgan maqsad sari dadil qadam bosib barcha qiyinchiliklarni yengishingiz bugun To‘qimachilik sanoatining yutuqlarini xalqaro miqyosda tan olinishga sababchi bo‘ldi va “Uztextile” brendining shakllanishiga olib keldi.
Bugun ilk marotaba «O‘zbekiston Respublikasi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati vakillari kuni»ni keng nishonlamoqdamiz. Ushbu fursatdan foydalanib, barcha sanoat vakillarini ushbu kasbiy bayram bilan samimiy qutlab, oldimizda turgan vazifalar – O‘zbek milliy to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish va milliy brendlarimizni dunyo miqyosida o‘rnini mustahkamlashda barchangizga ulkan zafarlar tilab qolaman!
Xaydarov Ilhom Utkurovich,
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




