Mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi «Qorako‘l kumush kalava» to‘qimachilik fabrikasi Qorako‘l tumanida ip-kalavani qayta ishlab, undan yarim tayyor holida mato ishlab chiqarib, xorijga eksport qilishga ixtisoslashgan istiqbolli korxonalardan biri. Ishlab chiqarish quvvatlarini yil sayin oshirayotgan korxonada bugunga kelib 400 nafar ishchi-mutaxassis doimiy ish bilan band. Ularning oylik maoshi 1 million so‘mdan 3 million so‘mgacha yetadi.
— “Xo‘jalar” MFY da qariyb 3,5 gektar yer maydonida 2019 yilda faoliyatini boshlagan korxonamiz ishchi–mutaxassislari sonini dastlab yuz nafar, ichki imkoniyatlarni kengaytirish hisobidan o‘sha yili yakunida 190 kishiga yetkazib, barqaror ish boshlaganmiz, – deydi mazkur fabrika rahbari Asror Mansurov. — Zarur texnika va zamonaviy texnologiyani Xitoy respublikasining “JIANGYIN MOST INTERNATIONALE TRADING CO LTD” kompaniyasidan olib kelib o‘rnatganmiz. 2019 yilning o‘zida ichki bozorga chiqargan mahsulotimizdan tashqari 3 million AQSh dollariga teng mahsulotni chet elga eksport qilishga muvaffaq bo‘ldik. Pandemiya xavf-xatari bilan o‘tgan 2020 yilda ham ishlab chiqarishni susaytirmasdan, jamoamiz kuchiga tayangan holda qiymati 4,5 million AQSh dollaridan ziyod yarim tayyor mato mahsulotini xorijiy buyurtmachilarga yetkazib berishga erishdik. Bu miqdor joriy yilning dastlabki yarmida 2 million 871 ming AQSh dollarini tashkil etayotgani ham bor imkoniyatdan unumli foydalanayotganimiz mahsuli, albatta. Xomashyo ta’minotini barqaror izga solgan holda ishlab chiqarish mahsuldorligini shu yil oxirigacha 5,1 million AQSh dollariga yetkazish maqsadida mehnat qilmoqdamiz.
Albatta, har qanday loyihani g‘oya ko‘rinishidan tashabbus ko‘rsatib amalga joriy etish oson ish emas. Bunda avvalo sarmoya tikmasdan turib, daromadga umid qilish ham xomxayollikdan boshqa narsa emas. Shu nuqtai nazardan, umumiy qiymati 37,2 milliard so‘mga teng mazkur yirik loyihani amalga oshirish maqsadida “Asakabank” viloyat filiali tadbirkorlik sub’yektini 2,3 million AQSh dollari bilan qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, ishlab chiqarishga tikilgan qo‘shimcha 12,1 milliard so‘m mablag‘ korxonaning o‘z jamg‘armasi hisobidan. Ana shu sa’y-harakat tufayli «Qorako‘l kumush kalava» MCHJ da yiliga 8 million pagonometr hajmdagi mahsulot, ya’ni pishiq va sifatli mato tayyorlash imkoniyati vujudga keldi.
Bu kabi amalga oshirilgan ishlar korxonada dastlabki bosqichda erishilgan yutuqlar edi. Endilikda bu yerda ikkinchi bosqichda ko‘zda tutilgan loyihani ro‘yobga chiqarish ustida ish boshlangan. Bu hududiy investitsiya dasturi doirasida ip-kalavadan to‘qima mato ishlab chiqarish loyihasi. Ayni kunda yigiruv korxonasi yonidan to‘quv korxonasini qurib, ishga tushirish harakatiga kirishilgan bo‘lib, zarur asbob-uskuna xaridi yuzasidan xitoylik hamkorlar bilan import shartnomalari tuzilgan. Shu yil yakuniga qadar qo‘shimcha ish o‘rinlari bilan faoliyatini boshlash nazarda tutilgan korxona jamoasi moddiy manfaatdorligi, eksport salohiyati, ishchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlari bilan viloyatdagi boshqa turdosh fabrikalarga namuna desak, mubolag‘a emas.
Manba: https://yuz.uz/
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




