Shveytsariyaning Jeneva shahridagi Millatlar saroyida bo‘lib o‘tgan global platformalardan birida – Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE)ning 70-sessiyasida O‘zbekiston o‘z to‘qimachilik sanoati rivojlantirish Strategiyasini taqdim etmoqda. Unda 46 dan ortiq davlatning vazirlari va diplomatik korpus vakillari hamda 45 ta xalqaro tashkilot rahbarlari ishtirok etmoqda.
Mazkur sessiyada O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi ishtirok etmoqda. Tadbirda Konfederatsiya va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilxom Xaydarov ma’ruzachi sifatida “Ishonch va shaffoflikni oshirish – O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida “yashil” transformatsiyani qo‘llab-quvvatlashda raqamli vositalardan foydalanish” mavzusida taqdimotni namoyish etdi.
I.Xaydarov o‘z nutqi davomida raqamli vositalar shaffoflik va kuzatuvchanlikning muhim omili bo‘lib, kiyim-kechaklar qayerda, qanday va kim tomonidan ishlab chiqarilishini aniqlashga yordam berishini ta’kidladi. Amalda bunday kuzatuvchanlik bo‘yicha tadbirlar O‘zbekistonda UNECEning “The Sustainability Pledge”, standartlashtirish organi “Better Cotton” va mahalliy kompaniyalar, jumladan, fermerlar, paxta tozalash va yigiruv fabrikalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Pilot loyihalar O‘zbekistondagi uchta to‘qimachilik klasterida zanjirni paxtadan yigirish bosqichigacha kuzatish mumkin bo‘lgan blokcheyn muhitida UNECE metodologiyasidan foydalanadi.
Raqamli yechim nafaqat xalqaro ESG mezonlariga javob beradigan ekologik va ijtimoiy talablarni tasdiqlaydi, balki O‘zbekistonda paxta yetishtirish Better Cotton standartlariga javob berishini isbotlashga yordam beradi. Loyihaning ikkinchi bosqichi ip-kalavadan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonga tizimni joriy etish bo‘ladi.
Tashrif doirasida, shuningdek, UNECE vakillari bilan sanoatni raqamlashtirish va “yashil” energetika jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




