2022-2023 o‘quv yilidan maktab o‘quvchilari uchun bosqichma bosqich maktab formasi joriy etish maqsadda, operativ ma’lumotlarga ko‘ra, 25 iyul holatiga 1 million 700 mingga yaqin komplekt maktab formalari tikilib, sotuvga chiqarilmoqda.
Aynan nega yagona maktab formasi bolalar uchun qulay va ota-onalar uchun sotib olinishi ma’qulligini o‘rganish maqsadida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan Toshkent shahrida joylashgan tikuv fabrikasi va savdo nuqtalariga press tur o‘tkazildi. Press tur maqsadi – yagona maktab formasi afzalliklari va qulayliklarini jamoatchilikka yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Xo‘sh, yangi turdagi maktab formasi nimasi bilan avvalgi formalardan ajralib turadi?
Eng avvalo formalar standart asosida va sifati bilan ishlab chiqarilgan va barcha me’yoriy talablarga javob beradi. Press tur davomida Toshkent shahri Erkin mavzesida joylashgan «Bobur sanoat servis» MCHJ faoliyati bilan tanishar ekanmiz, jurnalistlar e’tiboriga formaning tikish jarayoni to‘liq ko‘rsatib berildi. Unda formaga andoza shakllantirilishi, belgilangan talablar asosida ishlab chiqarilishi namuna sifatida ko‘rsatildi. Jumladan, korxonada 60dan ortiq ishchi xizmat qilayotgan bo‘lib kunlik ishlab chiqarish hajmi 1500 komplekt maktab formasi tashkil etadi. Korxona vakili so‘zlariga ko‘ra, bu formalar Namangan viloyatida joylashgan fabrika filialida ham tikib kelinmoqda. Biroq ushbu maktab formasiga bo‘lgan talab yuqori bo‘lganligi sabab Toshkent shahrida ham forma tikish tsexi tashkil etilgan.
Yana bir dolzarb mavzulardan biri bu albatta narx va sifat mutanosibligi – press tur vaqtida Index savdo majmuasida savdo qilayotgan ishlab chiqaruvchilar bilan suhbatlashdik, va maktab formalariga ota-onalar tomonidan qiziqish kattaligi sotuvchilar tomonidan ta’kidlandi. “Index” savdo majmuasida 1 komplekt forma uchun qo‘yidagi narxlarda sotilmoqda:
– 1-6 sinf o‘quvchilari uchun – 260 ming so‘mdan (viloyat markazlarida 250 ming so‘m);
– 7-11 sinf o‘quvchilari uchun – 300 ming so‘mdan.
Savdo qilayotgan tadbirkor so‘zlariga ko‘ra, yagona maktab formasini 2018 yildan buyon chiqarilmoqda va o‘tgan yil ham ushbu formalar ota-onalar tomonidan ma’qul ko‘rilgan va zaxirada bir dona ham forma qolmay sotilgani alohida ta’kidlandi.
Belgilangan narx uchun ham sifatli ham ko‘rinishi bejirim mahsulot sotib olish imkoniyati yaratilgani ota-onalar e’tiborini qozonmoqda va oilasida ikki va undan ortiq o‘quvchi farzandi bor oila byudjetiga ham to‘g‘ri kelmoqda. Maktab formalari 65% tabiiy tola va 35% sun’iy toladan ishlab chiqarilib bola sog‘lig‘iga salbiy ta’sir yetkazmaydi. Asosiysi tanlangan bichim yoshlar bob bo‘lib, unda bolalar bemalol harakatlanishi mumkin.
Va yana bir muhim jihat – bu albatta oiladagi mavjud qadriyatlar talabiga to‘liq javob berishi: misol uchun «Bobur sanoat servis» MCHJda har bir forma belgilangan standart asosida tikilib kelinmoqda. Qizlar uchun formalar bichishda 3 xil variant qo‘llanilgan. Ya’ni belgilangan o‘lchamlardagi forma bilan bir qatorda, uzun va keng bichimdagi formani xush ko‘ruvchi qizlarimiz uchun uzun yubkalar ishlab chiqarilmoqda. Bunda ota-onalar farzandlari uchun o‘z qadriyatlari va qarashlaridan kelib chiqib, istagan uzunlikdagi formalar sotib olishlari mumkin.
Ma’lumot sifatida shuni aytish joizki, respublikamizda maktab formasini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 550 dan ortiq korxonalardan bugungi kunda 300 dan ortig‘i forma tikishga kirishgan. Maktab formasi 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich maktablarda joriy etilishi ota-onalarning imkoniyatlarini hamda ishlab chiqaruvchi korxonalar hamma tomonlama mahsulotlar sifatiga e’tibor berishligi (resurslari) inobatga olgan holda mavjud buyurtmalar asosida o‘z vaqtida ishlab chiqarib, iste’molchilarga yetkazib berishni ko‘zda tutgan.
Demak, ota-onalarga tavsiyamiz – farzandingiz uchun ham qulay, ham sifatli, ham hamyonbop mahsulotlarni sotib oling, zero mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan yagona maktab formasi barcha talablarga to‘liq javob beradi va eng ishonchlisidir! Chunki ishlab chiqaruvchining ham farzandi – o‘quvchi, u ham ushbu formani kiyishi tabiiy. Ota-ona esa o‘z farzandi uchun eng yaxshisini ishlab chiqaradi. Bu bilan mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlagan va ish o‘rinlarni saqlab qolishga zamin yaratasiz.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




