Ma’lumki, mavjud Pandemiya tufayli respublikamizning turli sanoat korxonalari o‘z faoliyatini bir qancha muddatga qisman to‘xtatishiga to‘g‘ri kelgan edi. Shu jumladan, to‘qimachilik sanoati korxonalari ham.
Prezidentimiz boshchiligida olib borilgan chora-tadbirlar va karantin qoidalarini yumshatilishi oqibatida korxonalar faoliyati bosqichma bosqich tiklana boshladi, ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, mahsulotlar eksporti ham yo‘lga qo‘yildi.
Misol, uchun, 13 may kuni davlat Rahbari boshchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Samarqand viloyatidagi to‘qimachilik korxonalari 37 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega ekanligi, lekin hozirda ularning atigi 48 foizidan foydalanilayotganligi ta’kidlandi. Shu bois, to‘qimachilik sanoati quvvatlarining ishlash darajasini oshirish, viloyatdagi 2 ta paxta-to‘qimachilik klasterida yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Samarqand shahridagi “SAMARKAND EUROASIA TEXTILE” korxonasida dastlab erkaklar ko‘ylagi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, hozirda korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlarning turi 20 dan oshib, ishchilar soni 500 nafardan ortdi.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan choyshab, yostiq va ko‘rpa jildlari, dasturxon hamda boshqa mahsulotlarga ichki va tashqi bozorda talab ortib bormoqda. Korxonada yuqori sifat va xalqaro talablar asosida tayyorlanayotgan mahsulotning 80 foizi eksport qilinmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida korxona 700 ming dollarlik mahsulot eksportini amalga oshirdi. Hozirda, korxona ta’sischilari yilning uchinchi choragida yangi loyihani amalga oshirib, yana 120 nafar xotin-qizni ishga jalb qilish niyatida.
Korxonada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun Yaponiyada ishlab chiqarilgan 100 ta tikuv mashinasi keltirib o‘rnatildi. O‘ndan ortiq tikish amaliyotini bajaradigan bunday zamonaviy dastgohlarni keyingi oydan ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Viloyatdagi yirik tekstil korxonalaridan yana biri — Bulung‘ur tumanidagi “Maroqand sifat” mas’uliyati cheklangan jamiyatidir. Korxona yiliga 2 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Narpay tumanidagi 13 ming gektar maydonda paxta yetishtirayotgan mazkur korxona to‘la klaster tizimida ishlamoqda. Bu yerda tayyorlangan mahsulotlar Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya davlatlariga sotilmoqda. Hozirgi pandemiya sharoitida korxonaning 700 dan ortiq ishchisi karantin talablariga qat’iy rioya etgan holda ishni davom ettirmoqda.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




