Poytaxtimizdagi O‘zbek-Koreya O‘quv-amaliy to‘qimachilik texnoparkida Janubiy Koreyaning “DGMC” tashkilotining Marketing markazi ochildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov, Janubiy Koreyaning Kyonsan-Pukto provintsiyasi gubernatori Li Chol U, “DGMC” tashkiloti raisi Choi U Gak va boshqalar ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik to‘qimachilik sohasida samarali aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilayotganini qayd etdi.
Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli O‘zbekiston dunyoning ko‘plab davlatlari qatorida Koreya Respublikasi bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘ygan.
– Mamlakatimiz to‘qimachilik sohasi tizimli rivojlanib bormoqda, – dedi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov. – Bu bevosita yurtimizdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Ana shunday yutuqlar tufayli respublikada yetishtirilayotgan paxta yuz foiz qayta ishlanmoqda. Shuningdek, soha bo‘yicha yillik eksport hajmi 3 milliard dollardan oshdi. O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida siyosiy-iqtisodiy sohalar qatorida to‘qimachilik yo‘nalishida ham mustahkam aloqalar o‘rnatilgan. Masalan, bugungi kunda to‘qimachilik tizimida Janubiy koreyalik hamkorlar ko‘magida qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Bugungi tadbir ana shunday samarali aloqalar natijasidir.
Janubiy Koreyaning Kyonsan-Pukto provintsiyasi gubernatori Li Chol U tadbirda so‘zga chiqib, ikki davlatning o‘zaro aloqalari to‘qimachilik sohasiga yangi texnologiyalarni joriy etishda keng imkoniyat ekanini qayd etdi.
– Bugungi tadbir biz uchun juda muhim. Negaki, Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasida ko‘p yillik munosabatlar bizni yurtingiz to‘qimachilik sohasi vakillari bilan yanada faol ishlashga undaydi. Bizda yengil sanoat yaxshi rivojlangan. Shu bilan birga, yangi texnologiyalar, zamonaviy uskunalarning yaratilganligi mahsulotlarning sifatli va xaridorgirligini ta’minlaydi. Maqsadimiz biz aynan shu texnologiyalarni O‘zbekiston bozoriga, to‘qimachilik yo‘nalishiga tatbiq etmoqchimiz, – dedi gubernator Li Chol U.
Marosim yakunida ishtirokchilar Marketing markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Shuningdek, tadbir davomida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasida O‘zbekiston – Koreya biznes-forumi va B2B uchrashuvlari o‘tkazildi.
Forum yakunida ishtirokchilar o‘rtasida uch tomonlama anglashuv memorandumi ham imzolandi.
Nasiba ZIYODULLAYEVA, O‘zA muxbiri
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




