Farg‘ona viloyatining Rishton, Buvayda va Uchko‘prik tumani birinchilardan bo‘lib, paxta topshirish shartnomaviy rejasini bajardi.
Rishtonlik paxtakorlar 16 ming 700 tonna xirmon yaratib, o‘z oldiga qo‘ygan rejani yorug‘ yuz bilan bajardi. Viloyatda ilk bor klaster tashkil etgan “Rus-Oʻzbek teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘tgan uch yilda paxtachilikda katta tajriba to‘pladi. Bu yilgi mo‘l hosil ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Erta bahordan 5 ming 950 gektar maydonga “Namangan – 77” va “S-8290” navli chigit qadalib, barcha agrotexnik tadbirlar sifatli olib borildi.
Paxta yig‘im-terimi mavsumiga ham puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Mehnat unumdorligini oshirish maqsadida terimga jalb qilinganlar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Terimchilarning ijtimoiy muhofazasi, ularga munosib mehnat sharoitini yaratish masalalariga katta e’tibor qaratildi.
Tuman bo‘yicha 98 ta terim otryadlariga birlashgan fermer xo‘jaligi a’zolari, uyushmagan aholidan iborat 10 ming nafar terimchilarning astoydil qilgan mehnati bugun o‘z natijasini ko‘rsatdi.
Ulkan xirmonni yaratishda 150 dan ortiq paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarining hissasi katta bo‘ldi. Ayniqsa, “Odilov Salohiddin bog‘i”, “Odilmirzo fayzli yeri”, “Zarinabonu yerlari”, “Hasan-Husan hosildor yeri” kabi fermer xo‘jaliklarida gektarlar hosildorligi 40-45 tsentnerdanni tashkil etdi.
Buvayda tumanida joriy yilda 5 ming 120 gektar maydonda agrotexnik talablar asosida paxtaning serhosil, ertapishar navlarini parvarishlandi. Tajribali paxtakorlar 16 ming tonnadan ortiq paxta topshirib, shartnomaviy rejani uddalashdi.
Uchko‘prik tumani esa 18 ming 300 tonna paxta xirmonini yaratdi.
Ayni kunlarda paxta terimi mavsumi davom etmoqda.
Manba: UzA.uz
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




