«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 maydagi «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5989-sonli Farmoni 4-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida, liboslar dizayni va kollektsiyalarini ishlab chiqish xamda ularni tarmoq korxonalariga joriy qilish bo‘yicha tasdiqlangan Ishchi guruh ishtirokida 28 may kuni video konferentsiya tashkil etildi.
Konferentsiyada «Osiyo Ramzi» O‘zbekiston Respublikasi modelyerlar assotsiatsiyasi raisi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti prorektori, ishchi guruh boshlig‘i o‘rinbosari X. Kamilova, Koreya TEGU universitetining libos dizayni kafedrasi professori, texnika fanlari doktori Kim In Og, Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti «Libos dizayni» kafedrasi mudiri,dotsent F.Ataxanova, “ISTIQLOL TEXTILE DIZAYN” MCHJ direktori (“IDEAL”) B.Umarov, “Bofanda” MCHJ direktori A.Axrarov, Buka boksing sportvear (“BUKA”) direktori O.Anvarov, dizayner E.Rizayeva, “NARIMTEKS” MCHJ (“MoltoCaldo”) vakili, «Sharq liboslari» Dizayn Markazi direktori Z.Yunusova va Yangi dizaynerlik ishlanmalarini joriy etish bo‘limi mutaxassislari ishtirok etishdi.
Onlayn muloqot davomida yangi milliy dizayn strategiyalarining asosiy etaplarini shakllantirish uchun bajariladigan ishlar, liboslar kollektsiyalarini yaratish va ishlab chiqarishga bo‘lgan talablar, muammolar, haqida suhbatlar olib borildi. Tikuv trikotaj korxonalarining yangi dizaynlarga, yangi kiyim modellarini ishlab chiqarish va eksport qilishga bo‘lgan talablari, korxonalarga yangi raqobatbardosh liboslar dizayni va kollektsiyalarini ishlab chiqishga to‘sqinlik qiluvchi muammolar bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Korxona rahbarlari ichki va tashqi bozorlarda yuqori talabga ega bo‘lgan tikuv trikotaj mahsulotlari haqida, korxonalarda kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj va talablar haqida, brendni rivojlantirish tajribasi haqida o‘zaro fikr almashdilar.
Shu bilan birga jahon modasining yangi tendentsiyalari, dizayndagi yangi innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha ham mutaxassislar fikr bildirishdi.
Konferentsiya so‘ngida ishlab chiqarish korxonalari, oliy o‘quv muassasalari, dizayn markazlari va soha mutaxassislari o‘rtasida yagona onlayn platforma tuzish va muntazam ravishda birgalikda onlayn videokonferentsiyalarni tashkillashtirishga kelishildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




