«O‘zto‘qimachiliksanoat ” uyushmasi Namangan filiali hamda viloyatdagi salohiyatli to‘qimachilik sanoati korxonalari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida sohada yaratilgan yangiliklar, yutuqlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi Namangan filiali direktori Nuriddin Boboyev: «So‘nggi besh yil davomidagi tahlillar viloyatimizning sohada yetakchilardan biriga aylanganini ko‘rsatadi»-dedi o‘z so‘zida.
Jumladan 2016 yilda 722 ta korxonalar mavjud bo‘lsa, bugunga kelib ular soni 1600 tani tashkil etmoqda. 2016 yilda 15 825 nafar xodimlar faoliyat yuritgan edi. Bu ko‘rsatgich 2021 yilda 55 000 nafardan oshdi. 2016 yilda Namangan viloyatining barcha sohalardagi jami eksport hajmi 159 million, shundan 33,2 millioni tekstil yo‘nalishiga tegishli bo‘lgan bo‘lsa o‘tgan 2020 yilda viloyatdagi to‘qimachilik korxonalari tomonidan 50 dan ziyod xorijiy davlatlarga 210,0 mln.dollarlik mahsulotlar eksportga yo‘naltirildi. Shuningdek, viloyatdagi to‘qimachilik sanoati tarmog‘i korxonalari tomonidan 2021 yilda 370,0 mln.dollarlik mahsulotlar xorijiy davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan. Joriy yilning olti oyi davomida viloyatda tekstil yo‘nalishida 160,0 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Bunday natijaga erishishda Prezidentimiz tomonidan korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor berilayotganidir.
Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdilar. Shuningdek, sohadagi muammolarga to‘xtalib o‘tildi. Bu birinchi navbatda sohada faoliyat yurituvchi xodimlarga ehtiyoj sezilayotgani. Hozirgi kunda Oliy ta’lim muassasalari bilan malakali mutaxassislar tayyorlanishi uchun memorandumlar imzolandi. Shuningdek, xom ashyo masalasi ham dolzarb masalalardan biri ekanligi ta’kidlandi. Buning yechimi bor. Xom ashyoni qo‘shni davlatlardan sotib olishni yo‘lga qo‘yishdir. -dedi «Namangan to‘qimachi» klaster korxonasi ta’sischisi – Namangan viloyati to‘qimachilik korxonalari direktorlar kengashi raisi Nosirjon Akbarov matbuot anjumanida.
Biz bugungi kunda mahsulotlarimiz bilan Yevropa bozorlariga kirib borish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Bunga Yevropa Ittifoqining standart sertifikatlari (oeko-tex, BSI, GSP+) qo‘lga kiritish orqali erishildi. Bu eng qimmat bozorlarni zabt etishga tashlangan muhim qadamdir,-degan quvonchli xabarni «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi Namangan filiali direktori anjuman ishtirokchilariga alohida ta’kidlab o‘tdi. Bular albatta viloyatimizning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim omildir.
Shoira To‘xtaboyeva,
jurnalist
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




