O‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari tashqi bozorlarga olib chiqish va eksport hajmini oshirish bo‘yicha Hukumat tomonidan bir qator muhim yo‘nalishlar belgilab berilgan.
Jumladan, yangi bozorlarga chiqishda Afrika, Amerika, Janubiy Osiyo va Fors ko‘rfazi davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlash va to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bugun Misr Arab Respublikasining yetakchi 25 ta korxonasidan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Delegatsiyaga Misr Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Hamdi Abdulaynayn boshchilik qilmoqda. Delegatsiyaga «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi mas’ul xodimlari hamrohlik qilishmoqda.
Ayni damda Misr to‘qimachilik delegatsiyasi “SAFF TEXTIL” MCHJ korxonasiga tashrif buyurdi.
“SAFF TEXTIL” korxonasi hozirgi vaqtda o‘zbek to‘qimachilik korxonalaridan eng jadal rivojlanayotganlaridan biridir.
Korxona rahbariyati delegatsiya vakillarini iliq kutib oldi va o‘z mahsulotlari bilan tanishtirdi. Shuningdek, davra suhbati vaqtida korxonaning ishlab chiqarishi bo‘yicha taqdimotni namoyish etdi va hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Delegatsiya a’zolari korxona ishlab chiqarish tsexlari bilan yaqindan tanishdilar va u yerda yaratilgan shart sharoitlar va mahsulot ishlab chiqarish jarayonini o‘rgandilar.
Korxona rahbarlari milliy an’analarimiz va mehmondo‘stlik belgisi sifatida delegatsiya rahbariga milliy to‘n kiydirishdi.
Delegatsiya Toshkent shahri va viloyatida joylashgan korxonalar bilan tanishishda davom etadi.
Bizni kuzatib boring!
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




