19 fevral kuni AOKAda uyushma matbuot xizmati rahbari ishtirokida to‘qimachilik sanoati faoliyatiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi
Unda quyidagi ma’lumotlar yetkazildi:
Ma’lumki Prezidentimiz tomonidan to‘qimachilik sanoati respublika iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biri etib belgilangan. Bunga sohada so‘ngi yillarda erishilgan yutuqlar, sanoat korxonalarini tubdan isloh qilinishi, ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatgichlarining o‘sish suratlari oshishi, respublikaning barcha hududlarida to‘qimachilik va tikuv trikotaj korxonalarining tashkil etilishi va shu hududlarda aholi bandligini, xususan, xotin qizlar bandligini ta’minlanishi sabab bo‘ldi.
Xususan 2017-2020 yillarda sohada umumiy qiymati 2,1 mlrd.dollarlik jami 255 ta yangi loyiha amalga oshirilgan. Bu o‘z o‘rnida mahsulot eksporti qo‘shimcha 913 million dollarga oshishiga va 50 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishiga olib keldi. Hozirda mahsulot eksporti 2,1 mlrd.dollarga yetkazilib, jami 70 dan ortiq mamlakatlarga eksport qilinmoqda. 3,2 mlrd.dollarlan ortiq xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi va 360 mingdan ortiq xodimlar 7000 dan ortiq korxonalarda faoliyatini davom ettirmoqda.
-2020 yilning asosiy natijalari to‘xtaladigan bo‘lsak
dunyoda mavjud pandemiya bilan bog‘liq vaziyatga qaramay Mahsulotlar 60 dan ortiq mamlakatlarga 1 200 dan ortiq korxonalar tomonidan 1,9 mlrd.dollarlik eksport amalga oshirildi.
Mahsulotlar kesimida qo‘shimcha va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksporti 50,2 foizni tashkil etdi. Frantsiya, Avstriya, Kuvayt, Vengriya, Filippin, Lyuksemburg va Gretsiya kabi yangi bozorlar zabt etilib, Yevropa Ittifoqi kabi mamlakatlarga ham eksport amalga oshirildi. Ayniqsa ushbu mamlakatlarga tibbiy mahsulotlar yetkazib berish keng yo‘lga qo‘yildi.
Hozirda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan sohani jadal rivojlantirishga qaratilgan bir qator ishlar olib borilmoqda. O‘tgan davr mobaynida xorijiy hamkorlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 100 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlar investitsiya, eksport, ta’lim, mahsulot dizayni, marketing, brending masalalariga bag‘ishlandi.
Ma’lumki 2020 yilning noyabr oyida Yevrokomissiya GSP + preferentsiyalar tizimini O‘zbekistondan Yevroittifoq bozoriga kirib kelayotgan mahsulotlarga tatbiq qilinishi bo‘yicha arizani ma’qulladi va shu yil ushbu preferentsiyalar taqdim etilishi kutilmoqda. Tabiiyki, GSP+ qo‘llanilgandan so‘ng to‘qimachilik mahsulotlarining tashqi bozorda raqobatbardoshligi oshishi va to‘qimachilik sanoatiga investitsiyalar oqimi kuchayishi, yangi buyurtmalar ko‘payishiga olib keladi. Shu o‘rinda to‘qimachilik mahsulotlari tashqi bozorda mavjud raqobatga qanchalik tayyor degan savol tug‘iladi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan avvalo mahsulotlarni sifatini oshirish, xorijiy bozorlarda to‘qimachilik mahsulotlariga qo‘yiladigan talablardan kelib chiqqan holda sertifikatsiyadan o‘tkazish, milliy kiyim brendlarini tashqi bozorlarga olib chiqish va tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish, o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari nufuzini oshirishga, malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan bir qator ishlar olib bormoqda.
Misol tariqasida, Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati GIZ tashkiloti, Gherzi xalqaro konsalting kompaniyasi va «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi hamkorligida «O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati eksportini rivojlantirish, moda sanoatida biznes-inkubator va akseleratorni joriy etish» loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati GIZning «Barqaror rivojlanish va paxta sanoatida qo‘shimcha qiymatni oshirish» global dasturi doirasida amalga oshirilmoqda va Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi (BMZ) tomonidan moliyalashtirilmoqda.
Ushbu dastur 4 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, uning doirasida o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini tashqi bozorga olib chiqishda mavjud muammolar ya’ni mahsulot sifati, dizayni va xalqaro hamkorlar bilan muzokaralarni olib borishda korxonalar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar o‘rganilmoqda. Buning uchun hozirda Uyushmada germaniyalik xalqaro ekspert ish boshlagan. Mahsulot sertifikatsiyasini joriy qilish uchun Control Union xalqaro sertifikatsiya tashkiloti jalb qilindi.
Loyiha hamkori Gherzi xalqaro konsalting tashkiloti dunyo to‘qimachilik sanoatida nufuzli tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Ushbu tashkilot tomonidan O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati o‘rganilib, sohaning afzalliklari urg‘u berish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha joriy yilning 16 fevral kuni taqdimot o‘tkazildi.
O‘rganishlar jarayonida germaniyalik 45 ortiq yirik kiyim brendlari fikri o‘rganilgan va ushbu taklif va mulohazalardan kelib chiqib Gherzi tomonidan to‘qimachilik sanoatni rivojlantirishga qaratilgan yo‘l xaritasi taqdim etildi.
Ya’ni bunda germaniyalik hamkorlarni o‘zbek to‘qimachilik korxonalari bilan ishlashga qiziqishini orttirish, rivojlanishda 6 ustuvor instrumentlar mexanizmini joriy qilish va Toshkent moda inkubatorini tashkil qilishdan iborat. Amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan moda inkubatori 2022 yilning boshiga mo‘ljallangan, 2021 yilda inkubatorni tashkil etish bilan bog‘liq barcha jarayonlar amalga oshiriladi. Ushbu moda inkubatori eng avvalo yangi nom va o‘zgacha dizayn yarata oladigan dizaynerlarni tayyorlashda o‘ziga xos maktab bo‘ladi.
Ta’kidlab o‘tilgan rivojlanishda 6 samarali instrumentlari yo‘nalishida to‘qimachilik sanoati re-brendingi amalga oshirilishi kutilmoqda. Ya’ni Uztextile brendi va made in Uzbekistan xususida gap ketmoqda. Bunda har bir detal – ya’ni soha taqdimotini tayyorlashdan boshlab to brendning tashqi bozorda olib chiqishda qo‘llanilishi zarur bo‘lgan instrumentlar joriy qilinadi.
Va shuni ham alohida ta’kidlab o‘tmoqchimizki, hozirda Uyushmada Germaniyalik xalqaro ekspert ish boshlagan Martin Shorsh. Uning eng asosiy vazifasi to‘qimachilik mahsulotlarini eksportiga ko‘maklashishdan iborat, ushbu jarayon bilan bog‘liq konsultativ ishlarni olib borish va yangi hamkorlarni topishga ko‘maklashishga qaratilgan. Yevropa bozorlariga chiqmoqchi bo‘lgan barcha to‘qimachilik sanoati korxonalarini hamkorlikka chaqiramiz. Uyushmaga kelib xalqaro ekspert bilan yuqorida aytib o‘tilgan masalalar yuzasidan birgalikda ish olib borishingiz mumkin.
Bundan tashqari, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi qoshida «Tekstil standart serviz» tashkiloti tuzildi. Ushbu tashkilot to‘qimachilik va tikuv trikotaj korxonalarida xalqaro standartlarni joriy qilish va mahsulotlarni sertifikatsiyalash bilan bog‘liq barcha ishlarda tadbirkorlarga ko‘maklashadi. Ushbu masala yuzasidan ham O‘zto‘qimachiliksanoat uyushmasiga murojaat qilishingiz mumkin.
Ushbu tashkilot ishlash tizimi qanday – masalan, korxona mahsulotini tashqi bozorga deylik Yevropa yoki Yaponiyaga olib chiqmoqchi. Bu davlatlarga bozoriga olib kirilayotgan mahsulotlarga qo‘yiladigan talabdan juda yuqori. Tabiiyki sertifikatlash tashkilotlarini ko‘p va ularning qay biri aynan sizni talablaringizga javob beradi, ular bilan hamkorlik qilishni o‘rganish ancha vaqtni talab etadi. Aynan tashkil etilgan tashkilot sizga vaqtingizni tejashga va kerakli standartni tez suratlarda joriy qilishda ko‘maklashadi.
Bundan tashqari tadbirkorlar va Uyushma o‘rtasida ikki tomonlama aloqani mustahkamlash, mavjud masalalarda tadbirkorlarga, uyushma a’zolariga va hamyurtlarimizga ko‘maklashish maqsadida O‘zto‘qimachiliksanoat uyushmasida aloqa markazi Call Center tashkil etildi, telegramda Uyushmaga murojaat maxsus boti yaratildi. Endilikda har bir uyushmaga kelib tushayotgan murojaat, taklif va shikoyatlar qabul qilinish muddatidan o‘sha paytning o‘zida yoki masala yechimi vaqt talab qilsa 3 kun muddat ichida hal qilib beriladi. Hech bir qo‘ng‘iroq yoki murojaat yechimi berilmaguniga qadar monitoringdan olib tashlanmaydi. Kelib tushayotgan murojaatlar bilan bevosita uyushmaning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifa orqali berib boriladi.
Yuqori aytib o‘tilgan barcha masalalar yuzasidan 71 202 22 44 raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.
Joriy yilda hududlarda faoliyat yuritayotgan paxta tolasini qayta ishlovchi korxonalar tomonidan ichki va tashqi bozor talablaridan kelib chiqqan holda, 780 ming tonna har xil raqamli ip kalava ishlab chiqarish prognoz ko‘rsatkichlari rejalashtirilgan.
Uyushma tomonidan bugungi kunda ip kalavaga bo‘lgan talabning ichki va tashqi bozorlarda oshishi mahalliy trikotaj to‘quv, ip gazlama, paypoq mahsulotlari va ip kalava bo‘yash korxonalarining xomashyo bazasini shakllanishida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda.
Xususan:
– mahalliy tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarning ishlab chiqarish tsikli ehtiyojlarini (me’yor 2,5 oylik xomashyo zaxirasi) ta’minlash uchun jami 68,0 ming tonna ip kalava zaxirasini shakllantirish;
– yigiruv korxonalarining yanvar-mart oylarida ichki va tashqi bozorga ip kalava yetkazib berish rejalarini o‘rgangan holda, mahalliy tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar ehtiyojini qondirish choralarini ko‘rish.
Yuqoridagi chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 16 fevral sanasiga ko‘ra, 66 ta yigiruv korxonalari (korxonalarning yozma ravishdagi ma’lumotlari asosida) tomonidan mahalliy tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar ehtiyoji uchun 13,8 ming tonna (oylik ehtiyojning 51%) ip kalava yetkazib berish choralari ko‘rilgan.
Yigiruv korxonalari tomonidan ichki iste’molchilar talabidan kelib chiqib o‘zaro shartnoma asosida hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar kelib tushishi davom etmoqda.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




