Toshkent to‘qimachilik haftaligi doirasida 26-aprel kuni O‘zbekiston xalqaro to‘qimachilik anjumani (UTC) tashkil etildi. Anjuman “To‘qimachilik sanoatida barqarorlik va Better work” mavzusida bo‘lib o‘tdi.
Tadbir gibrid formatda bo‘lib ko‘plab davlatdan 300ga yaqin ishtirokchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etganlar qatorida xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari (Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), Xalqaro mexnat tashkiloti (ILO), Yevropa Komissiyasining O‘zbekistondagi missiyasi, Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi (ITMF), USAID, AQSh, Belarus, Xindiston, Indoneziya, Falastin, Rossiya, Yaponiya davlatlarining O‘zbekistondagi elchilari va vakillari), hamda Germaniyang xalqaro xamdo‘stlik tashkiloti (GIZ), Germaniyaning to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari konfederatsiyasi (Gesamtmasche), Bellegprom kontserni, Qirgizistonning Legprom uyushmasi, Koreya to‘qimachilik texnologiyalari instituti, Eron qishloq xo‘jaligi vazirligidan tadbirga tashrif buyurishdi.
Tadbirni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.Voitov “paxta boykoti” yechilgandan so‘ng ochilgan yangi imkoniyatlar xaqidagi nutqi bilan ochib berdi. Shuningdek, A.Voitov, to‘qimachilik sohasida olib borilayotgan islohotlar va ularning natijalari, xukumat tomonidan imzolangan xalqaro konventsiyalar va O‘zbekistonni global to‘qimachilik zanjiriga qo‘shish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xaqida tinglovchilarga ma’lumot taqdim etdi.
AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum O‘zbekistonning xalqaro to‘qimachilik bozorida o‘zining mustahkam o‘rnini egallashi uchun Elchixona tomonidan amalga oshirilayotgan loyixalar to‘g‘risida mahlumot berib o‘tdi. Xususan, Better Work dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar va kutilayotgan natijalar xaqida batafsil ma’lumot berdi.
Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Yoshinoru Fudjiyama IFC bilan hamkorlik natijalari va moliyalashtirilishi kutilayotgan yangi loyixalar xakida tinglovchilarga ma’lumotlar taqdim etdi.
Shundan so‘ng so‘z ITMF bosh direktori Doktor Kristian Shindler xalqaro to‘qimachilik soxasidagi yangi tendentsiyalarga bag‘ishlangan taqdimotida xalqaro logistika sohasidagi o‘zgarishlar hamda koronavirusning ta’siri bo‘yicha hisobotlarni taxlilini tinglovchilarga taqdim qildi.
Shundan so‘ng Zoom platformasi orqali Alibaba Group vitse-prezidenti Endryu Djenk (Han Zheng) onlayn taqdimotda to‘qimachilik sohasining yetkazib berish kelajagi sifatida e’tirof etilayotgan marketpleyslar va ularda salmoqli natijaga erishgan korxonalar tajribasi xaqida ma’lumot taqdim etdi. Shuningdek Alibaba.com saytida savdo qilish samarasi xaqida taxliliy ma’lumotlar berildi.
Keyingi, GIZning “O‘zbekistonning xududlarida barqaror iqtisodiy o‘sish” loyihasi raxbari, Beate Shoraytning taqdimotida O‘zbekistonning to‘qimachilik sohasida barqarorligi va O‘zbekiston to‘qimachilik sohasi bo‘yicha hisobot taxliliy ma’lumotlarini tinglovchilarga taqdim etdi.
Anjumanning birinchi qismini tugatish arafasida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi I.Xaydarov “O‘zbekiston global to‘qimachilik zanjiriga integratsiya qilish” mavzusidagi taqimotida O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari uchun kashf etilayotgan yangi bozorlar, platforma va imtiyozlar bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha qo‘yilayotgan qadamlar, sohadagi islohotlar va “paxta boykoti” bekor qilinganidan so‘ng yaqin yillarda kutilayotgan natijalar xaqida so‘z bordi.
Anjumanning ikkinchi qismi Better Work va to‘qimachilik sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish mavzusida bo‘lib o‘tdi. Uni davomida ILOning xududiy boshqarmasi raxbari o‘rinbosari, M. Pushkin tabrik nutqi bilan ishtirok etib, tashkilot tomonidan olib borilayotgan loyixalar bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakili Q. Odinayev “O‘zbekistonning munosib mehnat sharoitlarini yaratish tajribasi”ga bag‘ishlangan taqdimotida Respublikada olib borilayotgan ishlar va ularning samarasi, amalga oshirilgan islohotlar va mavjud sharoitlar xaqida tinglovchilarga ma’lumot berdi.
Keyingi navbatda ILOning “Better work” dasturi rahbari Konor Boyl ushbu dastur bilan tinglovchilarni tanishtirib, unda urg‘u qaratilishi lozim bo‘lgan vaziyatlar xaqida ma’lumot berdi.
Tadbir so‘ngida IFC Bosh mutaxassisi Nataliya Donde tomonidan “Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan to‘qimachilik loyixalarini moliyalashtirish imkoniyatlari” mavzusida taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Anjuman yakunida Belarus, Qirg‘iziston va O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatlarini birlashtirgan “Mamlakatlararo dasturi” bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Belarus va Qirg‘izston yengil sanoat rahbarlari T. Lugina va S. Astanovlar so‘zga chiqdilar. Har bir rahbar respublikalardagi to‘qimachilik sanoatlarining umumiy obzori, mamlakatlarda eksportning umumiy ulushi va eksport geografiyasi bo‘yicha o‘z taqdimotlarini namoyish etdilar.
Xususan, “Bellegprom” raisi T. Lugina sifatli mahsulotlari bilan tanilgan Belarus brendlari, yirik korxonalarni taqdim etib, Belarus Respublikasi rasmiylari, yuqori sifati bilan ajralib turadigan, faqat mahalliy ishlab chiqarilgan kiyimlarni kiyishni afzal ko‘rishini ta’kidladi.
Qirg‘izston “Yengilsanoat” uyushmasi raisi S. Astanov respublika to‘qimachilik tarmog‘i asosan, sifati va maqbul narxi bilan mashhur bo‘lgan, tayyor mahsulotlarni tikishiga asoslanganligini ta’kidladi. Shuningdek, u mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni amalga oshirish mumkin bo‘lgan nuqtalarni va barcha mamlakatlar tadbirkorlari uchun biznesning jozibadorligi shartlarini aytib o‘tdi.
Dastur yakunida, MDH va Yevropada yuqori sifatli eksklyuziv jun matolarni ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri bo‘lgan, to‘liq ishlab chiqarish tsikliga ega “Kamvol” to‘qimachilik korxonasi vakili so‘zga chiqdi. Taqdimotchining so‘zlariga ko‘ra, korxonada eng so‘nggi jihozlar o‘rnatilib, matolarni qayta ishlash uchun eng yangi texnologiyalar qo‘llanilmoqda.
Mamlakatlararo dasturi nafaqat mamlakatlar o‘rtasida, balki xususiy tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida ham zarur aloqalarni o‘rnatishga yordam beradigan bevosita platformadir. Bu hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, kengaytirish va mustahkamlash uchun yaxshi namuna bo‘la oladi.
Ushbu anjuman vaqtida bir qator xorijiy davlatlar vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bulardan, Eron delegatsiyasi vakillari bilan to‘qimachilik sanoatida O‘zbekiston – Eron ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga bag‘ishlangan muzokara davomida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida bir qancha yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi. Uchrashuv natijasiga ko‘ra, Eron Islom Respublikasi to‘qimachilik sohasida noto‘qima, texnik materiallar va aralash gazlamalar ishlab chiqarish, shuningdek, bo‘yash va pardozlash sanoati, gazlama va kiyim-kechak dizayni bo‘yicha hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borish rejalashtirildi.
Bugungi kunda Eron Islom Respublikasida paxta xom ashyosiga bo‘lgan yuqori talabni inobatga olib, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan mamlakatimizda olib borilayotgan paxta to‘qimchilik klasteri faoliyati tajribasini Eronda joriy etish bo‘yicha tajriba almashinuvida ko‘maklashish taklifi berildi.
Shuningdek, Eronlik hamkorlar tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida O‘zbekistondan paxta teruv mashinalarini harid qilish hamda mamlakatimizga mineral ug‘itlar, sintetik tolalar uchun xom ashyo yetkazib berish takliflari bildirildi.
Keyingi uchrashuv Belarus Respublikasi “Bellegprom” va Qirg‘izston Respublikasi “Yengilsanoat” rahbarlari bilan birgalikda o‘tkazildi. Suhbat chog‘ida har uchta davlat to‘qimachilik sanoatining bugungi holati haqida ma’lumot almashishdi. Uchrashuv davomida ikki va uch tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi tomonidan junni qayta ishlash va undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi. Shuningdek, T. Lugina tomonidan to‘qimachilik tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish va Belarus korxonalaridan O‘zbekistonga yangi turdagi matolar yetkazib berishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. O‘z navbatida, I.Xaydarov mavjud logistika holatiga alohida to‘xtalib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida uni bartaraf etishning mumkin bo‘lgan yo‘llarini muhokama qilishni taklif qildi.
Anjuman doirasida jami 21 davlatdan 260 dan ortiq ishtirokchilar qatnashishdi. Toshkent to‘qimachilik haftaligi doirasida 10 dan ortiq turli tadbirlar bo‘lib utmoqda.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




