Respublikamiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida to‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan yangi loyihalar ishga tushirilmoqda. Bu yil ham to‘yga to‘yona sifatida 35 dan oshiq korxonalar Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshiriladi.
O‘zto‘qimachiliksanoat uyushmasi matbuot xizmati ushbu korxona rahbarlari bilan maxsus intervyular tashkil qilib, ularning faoliyati bilan tanishtirib boradi.
O‘zbekiston tikuvchilik va to‘qimachilik sanoatida mahalliy xom ashyoni qayta ishlash borasida katta tajribaga ega. Shu sabab mazkur sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar, shart-sharoitlar va qulayliklar soha rivojiga yanada ulkan hissa qo‘shmoqda.
Buni Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida faoliyat yurituvchi «Bunyodkor» MCHJ misolida ham ko‘rish mumkin. Tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu korxonada paxta tolasiga chuqur ishlov berishdan tortib, tayyor mahsulotlar tayyorlashgacha bo‘lgan barcha bosqichlar to‘liq amalga oshirilmoqda. Mazkur korxona 2018 yilning mart oyida tashkil etilgan bo‘lib, dastlab faoliyatini kalava ip ishlab chiqarishdan boshlagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, korxonada yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirda korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar esa Rossiya federatsiyasi, Turkiya, Pokiston va MDH davlatlariga eksport qilinmoqda. «Bunyodkor» MCHJ ning istiqboldagi rejalari yanada ulkan.
Korxona rahbari G‘olib Erkulovning aytishicha, joriy yilning 4-choragida ichki bozor hamda xorijga faqat ip-kalava emas, balki tayyor matolar, kiyim-kechaklar ham chiqarila boshlanadi. Xorijdan olib kelinadigan eng zamonaviy texnologiyalarda yiliga 5900 ming tonna kalava ip, 4000 ming tonna mato va 8 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarilishiga erishiladi. Korxona «Tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish»ni tashkil qilish loyihasi doirasida ishlab chiqarish hajmini 8 million dona tayyor mahsulotga yetkazish hamda jami ishlovchilar sonini 450 nafarga oshirishni rejalashtirgan.
Bu kabi xayrli tadbirlar korxonaning o‘z mablag‘lari va bank kreditlari hisobiga amalga oshirilmoqda. Umumiy qiymati 15 mln. yevro bo‘lgan mazkur loyihaning ishga tushirilishi bilan 1000 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Bir so‘z bilan aytganda «Bunyodkor» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nafaqat ichki, balki dunyo bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lib, mamlakatimizning jahondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT








