Turkiyaning 6 fevraldagi zilziladan jabr ko‘rgan Malatya, Elazig va Shanliurfa viloyatlaridagi ba’zi to‘qimachilik va kiyim fabrikalari qayta ish faoliyatini boshladi. Sanoat hududlaridagi infratuzilma tizimlari odatda yaxshi holatda. Zavodlar odatda bir qavatli binolarga ega sanoat hududlarida joylashgan. Shuning uchun sanoat korxonalariga zilzilalarning halokatli ta’siri turar-joy binolariga qaraganda kamroq.
“Qisqa muddatli ishlab chiqarishni qisqartirish muqarrar, ammo barcha manfaatdor tomonlar ijtimoiy va iqtisodiy sabablarga ko‘ra fabrikalarni qayta ishga tushirish uchun birgalikda harakat qilmoqdalar”, dedi Xalqaro kiyim federatsiyasi prezidenti va Turkiya kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Jem Altan.
Qisqa muddatda turk to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati 2021 va 2022 yillarda qurilgan ortiqcha ishlab chiqarish quvvatidan foydalanadi. Masalan, Turkiya o‘tgan yili ip va gazlama ishlab chiqarish quvvatini yangi sarmoya evaziga 25 foizga oshirdi. Shunday qilib, yo‘qolgan quvvat darhol g‘arbda joylashgan Bursa, Istanbul, Tekirdag va Denizli kabi boshqa yirik shaharlardagi mavjud imkoniyatlar bilan almashtirilishi mumkin.
Infratuzilmaga kelsak, hukumat ayrim shaharlar, aholi punktlari va sanoat hududlarini qisman suv, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlashga kirishdi. Aeroportlar ishlab turibdi. Sanoat maydonlari atrofida mehnat immigratsiyasining oldini olish uchun vaqtinchalik konteyner shaharlari qurilmoqda.
6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqida va Suriya shimolida 7,8 va 7,5 magnitudali ikkita yirik vayronkor zilzila sodir bo‘ldi. 11 shahar kuchli zilzilalar va ularning silkinishidan aziyat chekdi. Ushbu shaharlarda yashovchi 13,5 millionga yaqin odamga ta’sir ko‘rsatdi va taxminan 45,000 kishi halok bo‘ldi.
Malatya, Elazig, Shanliurfa va Adiyamanda tikuv fabrikalari, Qahramanmarash va Gaziantepda to‘qimachilik fabrikalari mavjud.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




