Joriy yil 1-3 dekabr kunlari Polsha poytaxtidagi «Ptak Warsaw Expo» ko‘rgazma maydonida Yevropadagi nufuzli xalqaro to‘qimachilik ko‘rgazmalaridan biri – «Fast Textile 2021» bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakatimizning 60 dan ortiq to‘qimachilik kompaniyasining 130 nafar vakilidan iborat delegatsiyaning ishtirok etishi kutilmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Ko‘rgazma doirasida Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida O‘zbekiston to‘qimachilik va charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining «savdo missiyasi»ni o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimiz to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va Polshaning import qiluvchi kompaniyalarining mazkur ko‘rgazma doirasidagi aloqalari yil sayin mustahkamlanib bormoqda. Xususan, o‘zbekistonlik sanoatchilar tomonidan 2019 yil ushbu ko‘rgazma doirasida 15 million dollarga teng shartnomalar imzolangan bo‘lsa, 2020 yilda eksport bitimlari miqdori 20 million dollarni tashkil qildi. 2021 yilda esa 27-30 million dollarlik kelishuvlarga erishish nazarda tutilmoqda.
Joriy yil «Fast Textile 2021» ko‘rgazmasida jami 1 ming 700 dan ortiq kompaniya va 3 ming 300 mutaxassis ishtirok etishga qiziqish bildirgan. Ko‘rgazma stendlari hududi 50 ming kvadrat metrni tashkil etadi. O‘zbekiston vakillari 600 kvadrat metr maydonda joylashtiriladigan milliy stend bilan qatnashadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston to‘qimachilari Yevropa Ittifoqi davlatlariga ekport qilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarining qariyb yarmi Polsha hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatimizdan ip-kalava, turli matolar, shuningdek, sumka, choyshab, sochiq singari tayyor mahsulotlar yuborilmoqda. Polsha do‘konlarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ko‘ylak, kostyum-shim va boshqa kiyim-kechak turlari ham ko‘payib bormoqda.
Polshalik importchilar o‘zbek to‘qimachiligi mahsulotlarining sifatidan mamnun. Bu Yevropa, jumladan, Polsha bozorlarida ularga bo‘lgan talabning oshishida muhim omil bo‘lmoqda.
Ko‘rgazma doirasida, shuningdek, O‘zbekiston, Polsha va boshqa mamlakatlarning to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari vakillari ishtirokida konferentsiya tashkil etish, V2V va G2V shakllaridagi muzokaralar uyushtirish, Yevropadagi eng yirik hisoblangan «GD International» Varshava to‘qimachilik savdo markazi faoliyati bilan tanishish va u yerda seminar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




