«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi Ilhom Haydarov Oliy Majlis Senati Raisi T.Norbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining AQShda bo‘lishi davomida qator uchrashuvlar va brifing o‘tkazdi.
Xususan, Kiyim-kechak va poyabzal uyushmasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati salohiyati taqdim etildi.
O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda mamlakatimizda paxta yetishtirish va qayta ishlash jarayoniga yangi uslub – klaster yondashuvini joriy etish, paxta yetishtirish va hosilni yig‘ib olishda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, to‘qimachilik korxonalarini davlat tomonidan tizimli qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, «Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasi tomonidan o‘zbek paxtasiga nisbatan global boykot bekor qilinganidan keyin yaratilgan yangi imkoniyatlar haqida ma’lumot taqdim qilindi.
Stiv Lamar O‘zbekiston qisqa vaqt ichida izchil yutuqlarga erishib, xorijiy korxonalar va investitsiyalar uchun istiqbolli bozorga aylanganini ta’kidladi. Endi mamlakat ta’minot zanjirining barcha bo‘g‘inlarida munosib mehnatni ta’minlaydigan adolatli xarid amaliyotiga asoslangan biznes modelini joriy etishda yetakchilikni namoyish qilishi mumkin, dedi u.
Assotsiatsiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda AQSh to‘qimachilik sanoati atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy siyosat va korporativ boshqaruv bo‘yicha yangi standartlarga jadal sur’atlar bilan o‘tmoqda. «Tarmoq har qanday yetkazib beruvchi uchun mehnat normalari va ijtimoiy standartlarga rioya qilish bo‘yicha katta talablarni qo‘ymoqda», dedi u.
Uchrashuv yakunida Assotsiatsiya a’zolari bo‘lgan yetakchi riteyler va brendlarni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan xalqaro to‘qimachilik forumidagi ishtirokini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun, Amerika kiyim va poyabzal assotsiatsiyasi 2000 yilda Amerika kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilari uyushmasi va «Footwear Industries of America» kompaniyasi birlashishi natijasida tashkil etilgan. Assotsiatsiya missiyasi AQSh tikuvchilik sanoati global iqtisodiyot sharoitida raqobatbardosh tarzda faoliyat yuritishi uchun qulay muhit yaratishga ko‘mak berishdan iborat. Kiyim-kechak va poyabzal sanoatida dunyoga mashhur 1000 dan ortiq brend, jumladan, “Versace”, “Adidas”, “Ralph Lauren”, “The Walt Disney Company”, “Lacoste”, “Levi Strauss & Co.”, “DKNY”, “Gap, Inc.”, “Calvin Klein, Inc.”, “Forever 21”, “ECCO”, “The North Face”, “Tommy Hilfiger USA, Inc.” Va boshqalar assotsiatsiyaga a’zo bo‘lgan. Ushbu kompaniyalarning faqat AQShdagi yillik savdosi 350 milliard dollardan oshadi.
“Dunyo” AA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




