Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni Andijon va Toshkent viloyatlaridagi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Dastlab joriy yilda ishga tushiriladigan loyihalar haqida axborot berildi. Xususan, Andijon viloyatida bu yil umumiy qiymati 1 milliard 433 million dollar bo‘lgan 616 ta loyiha foydalanishga topshiriladi. Sohalar kesimida aytganda, ularning 258 tasi sanoat, 185 tasi xizmat ko‘rsatish, 173 tasi qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida. Bularning natijasida qariyb 10 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati tashkil etilib, 95 million dollarlik import o‘rnini bosish hamda 265 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. 61 mingta yangi ish o‘rni ochiladi.
Masalan, “Tetrateks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Baliqchi tumanida to‘qimachilik kompleksi tashkil qilinmoqda. 2021-2022 yillarda to‘rt bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ushbu loyihaning jami qiymati 126 million yevro. Korxona ip-kalavadan boshlab tayyor trikotaj mahsulotlarigacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi. Joriy yil oxirida ishga tushiriladigan birinchi bosqichda 2 ming 500 ta, barcha bosqichlar yakunida esa 10 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Bu kabi loyihalar bo‘yicha jadal ish olib borish bilan birga yangilari ham shakllantirilmoqda. Masalan, Andijon viloyatida umumiy qiymati 782 million dollar bo‘lgan 53 ta yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqildi.
Taqdimotda ushbu loyihalarning istiqbollari, moliyalashtirish manbalari va infratuzilma masalalari yuzasidan ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbari loyihalarni ish o‘rinlariga talab yuqori bo‘lgan mahallalarda joylashtirish, davlat-xususiy sheriklik asosidagi korxonalarni ko‘paytirib, bandlikni oshirish muhimligini ta’kidladi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




