Bugun Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan amalga oshirilayotgan «Paxtachilik sanoatida barqaror rivojlanish va qo‘shilgan qiymatni oshirish» loyihasi doirasida Better Cotton Initiative (BCI) – «Yaxshi paxta tashabbusi» tamoyillariga asoslangan barqaror paxta yetishtirish standarti tizimi bo‘yicha o‘quv treningi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu o‘quv treningi BCI – «Yaxshi paxta tashabbusi» xalqaro standartining tamoyillari va mezonlari, BCI paxtasini yetishtirishda samarali boshqaruv tizimi, o‘simliklar himoyasi, suvdan oqilona foydalanish kabi mavzularni o‘z ichiga qamrab olgan.
Treningda Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanidagi “TCT Agroklasteri» va paxta-to‘qimachilik klasterlari vakillari, soha mutaxassislari hamda agronomlar qatnashdi.
Loyiha Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi (BMZ) tomonidan moliyalashtirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi – paxtani ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy jihatdan barqaror ishlab chiqarish tizimini, shu jumladan mamlakatda dastlabki qayta ishlash tizimini rivojlantirishda qo‘llab-quvvatlashdir. Shu maqsadda loyiha paxta yetkazib berish zanjiri bo‘ylab strategik ittifoqlarni shakllantiradi, jumladan klasterlar va fermerlarga o‘z ishlab chiqarish tizimini takomillashtirishda yordam beruvchi sheriklarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Dasturning siyosiy hamkori – O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligidir.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




