Bugun O‘zbekiston Respublikasi to‘qimachilik sanoatining yorqin namoyondasi, xalqaro moda olami vakili, professor Kamilova Xolida Hafizovna qutlug‘ yoshni qarshi olmoqda.
Xolida Hafizovna ish faoliyatini «Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat» institutida boshlab, hozirda ushbu oliygohning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor vazifasida mehnat qilib kelmoqda.
Ustoz ko‘p yillik ish faoliyati davrida institutning o‘quv jarayonini sifatini ta’minlash borasida ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarning davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejalar va fan dasturlarini rivojlangan xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalarini tajribasini hisobga olgan holda takomillashtirish ishlari samarali tashkil etib kelmoqda.
O‘z faoliyati davomida 100 dan ortiq ilmiy maqolalar jumladan, 23 ta ixtiro, 60 dan ortiq uslubiy ishlar, 1 ta monografiya, 9 ta darslik hamda 3 ta o‘quv qo‘llanmalari chop etilgan.
Xolida Hafizovnaning bevosita rahbarligida «Osiyo ramzi» dizaynerlar uyushmasi tashkil etilib, O‘zbek milliy moda maktabining shakllanishi va zamonaviy kiyinish madaniyatini yuksaltirish, milliylik va o‘ziga xos uslubning vujudga kelishiga zamin yaratdi.
Bu orqali xorijiy mamlakatlarda O‘zbek milliy liboslari to‘plamlarining taqdimotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilganligi O‘zbekistonning milliy liboslari, qadriyatlari, an’analarini mohirona ko‘rsatishga erishildi, O‘zbekiston san’ati va madaniyatini xalqaro miqyosda yanada tanilishiga va rivojlanishida ulkan hissa qo‘shdi.
Ishlab chiqilgan an’anaviy va zamonaviy ruhdagi libos namunalari nafaqat Respublikada, balki xorij davlatlarida ham mashhurdir.
2008 yilda institutda «Libos dizayni» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligi tashkil etilishida Xolida Hafizovnaning sa’y-harakati bo‘lib, Respublikada o‘tkaziladigan barcha Davlat ommaviy bayram-tadbirlarida liboslar bo‘yicha bosh dizayner sifatida faoliyat ko‘rsatib kelishi respublika rahbariyati tomonidan ham katta e’tibor berilmoqda.
Xolida Hafizovnaning ishga bo‘lgan munosabati va berilgan topshiriqqa mas’uliyatli yondashishi, tashabbuskorligi va o‘zining shogirdlariga nisbatan bo‘lgan talabchanligi- erishilgan yutuqlar natijasidir.
Ushbu kunda professor Kamilova Xolida Hafizovnani «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi jamoasi nomidan yubiley tavallud ayyomlari bilan qutlaymiz. Mustaqil mamlakatimizning yuksalishi yo‘lida olib borayotgan sharafli ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar, mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, tinchlik- totuvlik tilaymiz.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




