Buxoro viloyatining olis tumanlaridan biri bo‘lgan Shofirkon tumanida bugungi kunda zamonaviy “Amirtex” tikuv fabrikasi o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Ushbu tikuv fabrikasi “BUXORO AGROKLASTER” MCHJ korxonasiga qarashli bo‘lib, unga Yaponiya davlatida ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologik dastgohlar o‘rnatilgan.
Keyingi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar amalga oshirilayotganligi, shuningdek sanoat ishlab chiqarishlarni tashkil etish, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va hudud aholisining farovonligini oshirish maqsadida 2,8 ga yer maydonida ikki qavatli muxtasham korxona binosi qad ko‘tardi.
Mazkur loyiha ishga tushirilishi natijasida tumanda bugungi kunda 1200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Natijada tumandagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlandi.
Korxona yiliga 12,0 mln.dona tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini 70 foizdan ortig‘ini chet el davlatlariga eksport qilish yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu korxonada ishlab chiqariladigan tikuv-trikotaj mahsulotlari jahonda yetakchilik qilayotgan brendlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan bemalol raqobatlasha oladi hamda sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilishiga erishiladi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




