Niderlandiyaning “Control Union” sertifikatlashtirish tashkiloti “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda bir necha yildan buyon Respublikamiz paxta-to‘qimachilik klasterlarida organik paxta yetishtirish bo‘yicha sertifikatlashtirish ishlarini olib bormoqda.
Uyushmadagi “Yagona darcha”ga sertifikatlashtirish va standartlashtirish masalalari bo‘yicha to‘qimachilik korxonalaridan kelib tushayotgan murojaatlar soni inobatga olinib, xalqaro tashkilotlar yordamida O‘zbekistonda tegishli standartlar va sertifikatlarni targ‘ib qilish va joriy etish bo‘yicha ko‘plab seminarlar, treninglar va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Xususan, Buxoro viloyatining Olot tumanidagi “HAJ TEX” korxonasi negizida 3 ming gektar maydonda ilk bor yetishtirilgan organik paxta GOTS xalqaro standarti bilan sertifikatlangan bo‘lib, u to‘qimachilik mahsulotlari ekologik va ijtimoiy talablarga rioya qilgan holda, xom ashyo yig‘ishdan to tayyor mahsulotgacha organik tarzda ishlab chiqarilganini kafolatlaydi. U joriy etilgani tufayli, HAJ-TEX korxonasi organik ip-kalavani oddiy ip-kalavadan ikki baravar qimmat narxda dunyoning eng yirik bozorlaridan biri – Yaponiyaga eksport qildi va mashxur sochiq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Imabari” brendining yetkazib berish zanjiriga qo‘shildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




