2020 yilning 3 iyul kuni «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan videokonferentsiya doirasida «Crown Agents» xalqaro kompaniyasi bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
«Crown Agents» 1833 yilda Buyuk Britaniyada davlat korporatsiyasi sifatida tashkil etilgan xalqaro kompaniya. Uning 140 dan ortiq mamlakatlarda vakolatxonalari mavjud. Kompaniyaning asosiy maqsadi dunyo miqyosida turli davlatlarga kambag‘allikni qisqartirish, turmush darajasini va farovonligini oshirish bo‘yicha maslahatlar berish, ta’minot zanjirlari, moliyaviy xizmatlar orqali ko‘mak berishdir.
Muzokaralarda kompaniyaning direktori Bryon Richmond, Ukrainadagi agentliklar vakolatxonasi rahbari Tatyana Korotchenko va MDH davlatlari departamenti rahbari Larisa Kokareva ishtirok etdilar.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan shaxsiy himoya vositalarini dunyo bo‘ylab «Crown Agents» ta’minot zanjiriga kiritish masalasi asosiy muhokama mavzusi bo‘ldi. MDH davlatlarida ishlash bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan kompaniya mutaxassislari mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarga tashqi bozorlarga chiqish uchun yordam ko‘rsatishi mumkin. Bunda kompaniya mahsulotni «Chakana sotuvchisi» sifatida sotadi.
«Crown Agents» platformasida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tarmoq korxonalari manfaatlarini ifoda etib shaxsiy himoya vositalarini potentsial yetkazib beruvchisi sifatida ishtirok etishi, shuningdek eksportni tashkil etish bo‘yicha tenderlarda ishtirok etishi mumkin.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




