Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga ko‘mak berish, Yevropa bozoriga kirishda yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va to‘qimachilik mahsulotlari eksportini kengaytirish maqsadida joriy yilning 28 avgustdan 2 sentyabr kuniga qadar Germaniyada O‘zbek to‘qimachilik sanoati kunlari o‘tkazilmoqda.
Tadbir “Germaniya-O‘zbekiston hamkorligi” loyihasi doirasida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, Germaniya trikotaj ishlab chiqaruvchilari konfederatsiyasi (Gesamtmache) va Mangold Consulting tomonidan O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilmoqda.
Tadbirdan ko‘zlagan asosiy maqsad kichik va o‘rta biznes vakillariga tashqi bozorga chiqishda ko‘maklashish, o‘zbek to‘qimachilik sanoatidagi islohotlar, investitsiya va eksport salohiyati bilan tanishtirish, brend va riteyl kompaniyalar uchun yangi hamkorlik takliflarini taqdim etish va shu bilan birgalikda to‘qimachilik mahsulotlarini keng targ‘ib qilishdan iborat.
To‘qimachilik kunlari Shtuttgart va Frankfurt shaharlarida o‘lib o‘tadi, uning doirasida biznes forumlar, Germaniyaning yetakchi to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar va biznes turlar hamda riteyl kompaniyalar bilan V2V uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Asosiysi, tashrif buyuruvchi kompaniyalar uchun o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari mini ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi. Bu forum doirasida mahsulotni yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishishga ko‘mak beradi.
Forum doirasida yangi tashkil etilgan O‘zbekiston-Germaniya “Barqaror paxta” uyushmasining taqdimoti va ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Shu bilan birga, o‘zbek to‘qimachilik sanoati korxonalari vakillari Yevropa bozoriga kirishdagi yangi talablar, xalqaro standartlarni joriy qilish va sifatli mahsulot yetkazib berishda ularning o‘rni, logistika masalalari xaqida treninglarda ishtirok etishadi hamda nemis korxonalari boshqaruv menedjmenti bilan bevosita korxonaning o‘zida tanishish imkoniga ega bo‘lishadi.
Ayni damda, ushbu tadbirda 50 dan ortiq Germaniya kompaniyalari ishtirok etish istagini bildirgan. Ular qatorida Falke, Lidl, Triumph, Yallamaris kabi brend va riteyllar, Oddo bank va mavjud, Germaniya to‘qimachilik mashinasozligi assotsiatsiyasi vakillari ham hamkorlikga katta qiziqish bildirmoqda va ular ishtirokida Frankfurt shahrida biznes forum tashkil etilishi ko‘zlangan.
Tadbirkorlarimizni ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga taklif etamiz.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




