Mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi shu kunlarda Dehli shahrida bo‘lib o‘tayotgan 31-to‘qimachilik texnologiyalari ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
2001 yildan buyon yiliga ikki marta tashkil etiladigan ushbu tadbir to‘qimachilik texnologiyalari sohasidagi eng yirik ko‘rgazmalardan hisoblanadi.
Bu yilgi ko‘rgazmaga tashrif doirasida Hindistonning yirik yigiruv, tikuv, yuvish, to‘qimachilik bosma mashinalari, dazmollar,
ip-kalava, mato, to‘qimachilik bo‘yoqlari va boshqa sohaga oid zamonaviy uskuna va texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalari mahsulotlari bilan yaqindan tanishildi.
Hind ishbilarmon doiralari vakillariga yurtimizda to‘qimachilik sohasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida ma’lumot berilgani barobarida to‘qimachilik sohasida istiqbolli sarmoyaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirish taklif etildi.
Hind kompaniyalari mamlakatimizning so‘nggi yillarda to‘qimachilik sohasida erishayotgan katta yutuqlarini yuqori baholagan holda o‘zbekistonlik hamkasblari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




