2023-yilning 15-fevral kuni “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi rahbariyati Ispaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasining Muvaqqat ishlar vakili Gonsalo Furnyer Konde bilan Ispaniyaning ACIR Southern Europe biznes muhiti vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi.
2022-yil oktyabr oyida O‘zbekiston to‘qimachilik delegatsiyasining Ispaniyaga biznes-turi va yirik O‘zbekiston korxonalarining TEXTILE EXPO BARCELONA ko‘rgazmasida ilk bor ishtiroki ispan brendlari, riteyler va kompaniyalarida katta qiziqish uyg‘otganini qayd etib, ishonch bilan aytishimiz mumkinki, O‘zbekiston jahon bozorlariga chiqish va brendlarni jalb qilish uchun to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilmoqda.
Ispaniyaning “Moda España” moda ishlab chiqaruvchilar konfederatsiyasi va Ispaniyaning FEDECON to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda biznes-forum, “El Corte Ingles” va “Tendam” bilan uchrashuvlar, shuningdek, O‘zbekiston va Ispaniya korxonalari o‘rtasida V2V uchrashuvlar o‘tkazish esa ispanlarning O‘zbekiston korxonalari bilan hamkorlik qilish niyatlarini yanada mustahkamladi.
Buni Ispaniyaga to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Respublikaga yirik “Tendam” riteyleri kelgani ham dalolat beradi.
Elchixonadagi uchrashuvda Ispaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati sohasida sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy, konsalting hamkorligi masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha Janubiy Yevropada (Ispaniya, Italiya, Portugaliya, Gretsiya va Kipr) mahalliy to‘qimachilik mahsulotlaridan xabardorlikni oshirish bo‘yicha samarali marketing kampaniyasini o‘tkazish, doimiy vakolatxona tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining Ispaniyadagi El Corte Ingles, MANGO, Tendam, Uterque, Santander kabi Yevropa brendlari bilan hamkorlikni kengaytirish, kelgusida O‘zbekistonning yetakchi korxonalariga tashriflar tashkil etish.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




