To‘qimachilik sohasida faoliyat yuritayotgan yetakchi xorijiy kompaniyalarga tegishli brendlarning ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilish borasida olib borilayotgan maqsadli ishlar doirasida mamlakatimizning Madrid shahridagi elchixonasi tashabbusi bilan Ispaniya moda kompaniyalari konfederatsiyasi “Moda España” va “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi o‘rtasida videomuloqot orqali muzokaralar tashkil etildi.
Muzokaralarda “Moda España” konfederatsiyasi prezidenti Anxel Asensio Laguna, xalqaro boshqarmasi boshlig‘i Lusiya Soriano, “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Mirmuhsin Sultonov va uyushma mutasaddilari ishtirok etdi.
Videomuloqot mobaynida xorij tomoni O‘zbekistonning to‘qimachilik sohasidagi salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishtirilib, mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda erishilgan yutuqlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar natijasida hozirgi kunda O‘zbekiston to‘qimachilik sohasi tubdan o‘zgargani, paxta yetishtirish va uni qayta ishlash, tayyor mahsulot yaratish klaster tizimi asosida amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi. Shuningdek, barcha jarayon klaster kompaniyalari tomonidan olib borilishi natijasida mazkur soha bozor iqtisodiyoti tamoyillari asosida faoliyat olib borayotgani va hozirgi kunda mamlakatda yetishtiriladigan 1 mln tonna paxta to‘liq O‘zbekistonda qayta ishlanilishi ta’kidlandi. O‘zbek kompaniyalari o‘z mahsulotlari uchun Yevropa Ittifoqi bozorida talab etiladigan eng nufuzli halqaro sertifikatlarga ega bo‘layotganligi va bunday kompaniyalar soni kundan kunga o‘sib borayotgani aytib o‘tildi.
O‘z o‘rnida, 2021 yildan O‘zbekiston Yevropa Ittifoqiga qator mahsulotlarni imtiyozli shartlarda yetkazib berishi imkonini beruvchi GSP+ dasturiga a’zo bo‘lgani, YEI mamlakatlariga to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilishda bojxona to‘lovlari yo‘qligi va mamlakat hukumati tomonidan yuqori qo‘shimcha qiymatlik tovarlar eksportida transport xarajatlarining 50 foizdan 70 foizgacha qoplab berilayotgani O‘zbekiston bilan tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish istiqbolli ekaniga e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, eng muhimi, 2011 yilda xalqaro Cotton Campaign koalitsiyasi tomonidan O‘zbekiston paxtasiga qo‘yilgan boykot joriy yilning 10 mart kuni olib tashlagani alohida qayd etildi.
Bularning barchasi bugungi kunda Ispaniyaning moda sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalari tomonidan mamlakatimizning to‘qimachilik sohasidagi keng imkoniyatlari va fabrikalarimizning xalqaro andozalarga to‘liq javob bera oladigan tayyor mahsulotni ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish va, o‘z navbatida, o‘zbek to‘qimachilik brendlari bilan hamkorlik o‘rnatish uchun yaxshi imkoniyat berayotgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada jadallashtirish va yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida, “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi tomonidan joriy yil oktyabr oyida salohiyatli o‘zbek to‘qimachilik kompaniyalari bilan Ispaniyaga “biznes missiya” tashkil qilish va uning doirasida Madrid shahrida ikki tomon yirik to‘qimachilik kompaniyalari ishtirokida forum o‘tkazish, Barselona shahrida 25-27 oktyabr kunlari tashkil etiladigan “Barcelona Expo Textile 2022” ko‘rgazmasida ishtirok etish rejalashtirilayotgani aytib o‘tildi va ushbu “biznes missiya”ni “Moda España” bilan hamkorlikda uyushtirish taklif qilindi.
O‘z navbatida, “Moda España” konfederatsiyasi prezidenti Anxel Asensio Laguna mamlakatimizdagi barcha ijobiy o‘zgarishlarni, jadal olib borilayotgan islohotlarni, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘yi va nufuzi o‘sib borayotganini alohida e’tirof etdi. Unga ko‘ra, Ispaniyaning yirik kompaniyalari, ayniqsa “Inditex” va “El Sorte Ingles” kabi nafaqat mamlakatda, balki dunyo bozorida yetakchi o‘rinlarni egallagan kompaniyalarning O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirayotgani konfederatsiya tomonidan yuqori baholanmoqda. Muzokaralar davomida “Moda España” konfederatsiyasi rahbari “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi tomonidan ilgari surilayotgan Ispaniya davlatida rejalashtirilayotgan tadbirlarni o‘tkazish tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlab, barcha tashkiliy masalalarda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, Moda España (Ispaniya moda kompaniyalari konfederatsiyasi) 2013 yilda tashkil etilgan. Ispaniyaning moda sohasida narx shakllanish zanjirini birlashtirish borasida institutsional platforma vazifasini bajaradi. Konfederatsiya sohada faoliyat yuritayotgan Ispaniya tikuv kompaniyalari uyushmasi (FEDECON), Ispaniya trikotaj uyushmasi (AEGP), Ispaniya charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uyushmasi (ASEFMA), Ispaniya moda yaratuvchilari uyushmasi( ACME ), Testil, charm va aksesuarlar savdosi ishbalarmon uyushmasi (ACOTEX), Ispaniya mo‘yna uyushmasi (SFA), Ispaniya sovg‘a mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilari va ulgurji savdogarlari ishbilarmon uyushmasi (REGALO FAMA), Ispaniya moda xuquqi ekspertlari uyushmasi (AEDM), Iberiya tekstilni qayta ishlovchilari uyushmasi (ASIRTEX), Ispaniya barqaror moda uyushmasi (AMSE), Ispaniya professional to‘y liboslari uyushmasi (APBE), Ispaniya bolalar uchun mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari uyushmasi (ASEPRI), Ispaniya sport maxsulotlari ishlab chiqaruvchilari va distribyutorlari uyushmasi (AFYDAD) kabi yirik sub’yektlar, mintaqaviy uyushma va federatsiyalarni o‘z tarkibiga olgan.
Moda España – Ispaniyaning moda sektorida loyihalashtirish, tayyorlash va ishlab chiqarishdan tortib tarqatish va sotish jarayonini muvofiqlashtiruvchi platforma hisoblanadi.
Manba: “Dunyo” AA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




