Shu yilning 28 iyulida O‘zbekiston Respublikasining Isroildagi elchixonasi ko‘magida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi vakillari va «Delta» (Isroil) kompaniyasining bosh direktori – Taisir Musa o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Isroil kompaniyalarining buyurtmalarini O‘zbekiston korxonalarida joylashtirish masalalari muhokama qilindi.
Delta (Isroil) – bu erkaklar, ayollar va bolalar uchun ichki va sport kiyimlarining ishlab chiqarishda yetakchi hisoblanadigan Delta Galil Industriyes Ltd Isroil brendining operativ bo‘limidir.
Bo‘lim barcha yoshdagi «Delta» va yoshlar uchun mashhur brend bo‘lgan «Fix» markasini ishlab chiqish, loyihalash va sotish uchun javobgardir. «Delta Israel» kompaniyasi Isroildagi eng yirik ichki kiyim va uy kiyimlari tarmog‘iga egalik qiladi, mamlakat bo‘ylab 200 dan ortiq do‘konlari va ikkita elektron tijorat saytlari mavjud.
Uchrashuvning asosiy maqsadi – o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni Isroil kompaniyasining ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shish masalasini muhokama qilish.
T. Musa kompaniya mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha asosiy buyurtmalarni Misr, Bolgariya, Vetnam va Turkiya ishlab chiqaruvchilariga yuborishini ma’lum qildi.
Shu munosabat bilan Isroil tomoni o‘zbek to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.
Isroil tomoni O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari bilan tanishdi. Uyushma Isroil tomoni bilan, xususan, yirik jahon brendlari bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashda hamkorlik qilishga tayyor ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda sharoitlarni yaratish va barqaror rivojlanishga ko‘maklashish, shuningdek, ishlab chiqarishda ijtimoiy javobgarlikka e’tiborni kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Uchrashuv natijasida Isroil kompaniyasining buyurtmalarini O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati korxonalarida joylashtirish bo‘yicha yaqin muloqotni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




